O‘ZBEKISTONDA ZO‘RAVONLIKDAN HIMOYA QILISH: HUQUQ VA ADOLAT TAMOYILI

 

 

Bugungi kunda jamiyatda zo‘ravonlik muammosi nafaqat oila ichida, balki keng ma’noda ijtimoiy xavfli holat sifatida namoyon bo‘lmoqda. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishni davlat siyosati darajasiga ko‘targan holda, zo‘ravonlikning barcha shakllariga qarshi qat’iy choralar ko‘rmoqda. Bu yo‘nalishda qabul qilinayotgan qonunlar va amaliyotlar xalqaro me’yorlarga mos ravishda takomillashtirilib bormoqda.

 

 

 

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida inson qadr-qimmatini himoya qilish, shafqatsiz yoki kamsituvchi muomalaga yo‘l qo‘ymaslik qat’iy belgilab qo‘yilgan. Xususan, 26-moddada hech kim qiynoqqa solinishi yoki zo‘ravonlikka duchor etilishi mumkin emasligi, 46-moddada esa erkaklar va ayollar huquqlarining tengligi kafolatlanishi qayd etilgan.

 

Bu qonun normalari “Xotin-qizlar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g’risida”gi qonunda o‘z amaliy ifodasini topgan. Unda zo‘ravonlikning oldini olish, uning qurbonlariga yordam ko‘rsatish va javobgarlikni ta’minlash mexanizmlari aniq belgilangan.

 

 

 

Zamonaviy qonunchilik zo‘ravonlik tushunchasini kengaytirdi — endilikda u faqat jismoniy tahdid bilan cheklanmaydi.

 

Qonunga ko‘ra, zo‘ravonlik quyidagi turlarga bo‘linadi:

 

Jismoniy zo‘ravonlik — tan jarohati etkazish, urish, tanaga zarar etkazuvchi harakatlar;

 

Psixologik (ruhiy) zo‘ravonlik — haqorat, tahdid, kamsitish, shantaj yoki muntazam tanqid orqali shaxsni ruhiy jabrga uchratish;

 

Iqtisodiy zo‘ravonlik — moliyaviy imkoniyatlarni cheklash, shaxsni pul mablag’larini tasarruf qilishdan mahrum etish;

 

Jinsiy zo‘ravonlik — shaxsni jinsiy harakatlarga majburlash yoki uning roziligisiz harakatlar sodir etish.

 

 

 

 

Davlat fuqarolarni himoya qilish uchun qator amaliy vositalarni joriy etgan:

 

Himoya orderi — ichki ishlar organlari tomonidan beriladigan, jabrlanuvchini huquqbuzardan himoya qiladigan rasmiy hujjat. U orqali zo‘ravon shaxsga jabrlanuvchiga yaqinlashish, bog’lanish yoki ta’qib qilish taqiqlanadi.

 

Ixtisoslashtirilgan markazlar — jabrlanuvchilar uchun bepul huquqiy, psixologik va tibbiy yordam ko‘rsatadi.

 

Ishonch telefoni — 24 soat faoliyat yurituvchi, maxfiylikni kafolatlovchi xizmat orqali har kim yordam so‘rashi mumkin.

 

Sud orqali zararni qoplash — jabrlanuvchilar moddiy va ma’naviy zararni undirish uchun sudga murojaat qilib, davlat bojidan ozod etiladi.

 

Shuningdek, qonunchilikda zo‘ravonlik holatlariga qarab jinoiy yoki ma’muriy javobgarlik belgilangan. Bu — jarima va axloq tuzatish ishlaridan tortib, ozodlikdan mahrum etishgacha bo‘lgan jazo choralarini o‘z ichiga oladi.

 

 

 

 

So‘nggi yillarda oiladagi zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirish, himoya orderlarini amaliyotga joriy etish, jabrlanuvchilarga moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qator qadamlar qo‘yildi. Bu o‘zgarishlar davlatning inson huquqlari va xavfsizligini ta’minlashga bo‘lgan jiddiy intilishidan dalolat beradi.

 

 

 

Zo‘ravonlikka qarshi kurash — bu faqat huquqiy yoki ma’muriy vazifa emas, balki jamiyatning ma’naviy burchidir. Qonunni bilish va unga amal qilish har bir fuqaroning madaniy darajasini belgilaydi.

 

Demak, zo‘ravonlikka qarshi kurashda qonunchilikni mustahkamlash, aholining huquqiy savodxonligini oshirish va har bir shaxsning mas’uliyatini kuchaytirish — adolatli va xavfsiz jamiyat barpo etishning eng muhim shartidir.

 

 

 

Muxabbat QAYPOVA,

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Amudaryo tumani sudining sudyasi