PREZIDENT MUROJAATNOMASI: ADOLAT YO‘LIDAGI VAZIFALAR

 

2025 yil 26 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llangan Murojaatnoma nafaqat yilning sarhisobi, balki kelgusi yilga qaratilgan muhim vazifalarni belgilavchi hujjat bo‘ldi. Sudya sifatida uni diqqat bilan o‘rganib chiqdim va yurtimizda odil sudlovni ta’minlash hamda fuqarolarning huquqlarini himoya qilishdagi ahamiyatini baholadim.

 

Murojaatnomada davlat rahbari 2026 yilda amalga oshiriladigan olti asosiy yo‘nalishni belgilab, fuqarolarni passiv kutib o‘tirishga emas, balki o‘z mas’uliyati va mehnati bilan o‘zgarishlarni yaratishga chaqirdi. Tarixiy qadriyatlarimiz — birdamlik va mahalla tizimining ahamiyati ham qayd etildi. Shu bois 2026 yil “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni takomillashtirish yili” deb e’lon qilinishi qo‘llab-quvvatlanadi.

 

Sud sohasida esa eng dolzarb muammolar sifatida giyohvandlik, oilaviy zo‘ravonlik va korruptsiya qayd etildi. Mamlakatda so‘nggi ikki yilda ayollar va bolalarga nisbatan 2 mingdan ortiq oilaviy zo‘ravonlik holati aniqlangan, shuningdek 14 mingdan ortiq giyohvandlik jinoyati sodir etilgan. Sudya sifatida ta’kidlashim mumkinki, oiladagi zo‘ravonlik — faqat ichki masala emas, bu butun jamiyatga daxlli, uning oldini olishda barcha davlat organlari, jumladan sudlar ham safarbar bo‘lishi lozim.

 

Korruptsiya masalasi ham alohida e’tiborga molik. Sud sohasidagi tajribam shuni ko‘rsatadiki, adolat va qonun ustuvorligi uchun korruptsiyaga qarshi qat’iy choralar joriy etilishi zarur. Murojaatnomada ko‘rsatilgan komplaens tizimlari va ichki nazorat mexanizmlari bu borada muhim qadam sanaladi.

 

Shu bilan birga, Prezident Murojaatnomasi zamonaviy davlat boshqaruvi va odil sud-huquq tizimini rivojlantirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish hamda barcha uchun ishonchli muhit yaratishga qaratilganligi bilan muhim ahamiyatga ega.

 

 

Janat AYMAG’ANBETOVA,
Qoraqalpog’iston Respublikasi ma’muriy sudi sudyasi