SUDLARNING CHINAKAM MUSTAQILLIGINI TA’MINLASH— ODIL SUDLOV SIFATINI OSHIRISHNING MUHIM OMILI

 

Bugungi kunda jahonda global tahdidlar transformatsiyalashayotgan murakkab sharoitda har bir davlat oldida, eng avvalo, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, inson uchun munosib va farovon hayot kechirish sharoitlarini yaratish vazifasi turibdi. Ushbu strategik muhim maqsadlarga erishishda inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishni o‘zining asosiy vazifasi etib belgilagan davlat hokimiyatining mustaqil tarmog’i — sud hokimiyati alohida ahamiyat kasb etadi.

 

Shubhasiz, sudlar faoliyati samaradorligi va odil sudlov sifati ko‘p jihatdan sud hokimiyatining chinakam mustaqilligi bilan bevosita bog’liq. Shu bois xalqaro-huquqiy hujjatlarda ham sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlashga oid aniq kafolatlar belgilangan. Jumladan, BMT tomonidan 1985 yilda qabul qilingan Sud hokimiyati mustaqilligining asosiy printsiplarining 1-bandiga muvofiq, sud hokimiyati mustaqilligi davlat tomonidan kafolatlanadi hamda mamlakat Konstitutsiyasi yoki qonunlarida mustahkamlanadi. Barcha davlat organlari va boshqa institutlar sud hokimiyati mustaqilligini hurmat qilishi va himoya qilishi shart.

 

Shu ma’noda, sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlash O‘zbekiston Respublikasida davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ta’kidlaganidek, «sudlar faoliyatiga har qanday aralashish odil sudlovga soya solish hisoblanadi. Bu bo‘yicha ham so‘rov, ham javobgarlik qattiq bo‘ladi».

 

Mamlakatimiz milliy huquq tizimida sud hokimiyati mustaqilligi alohida kafolatlangan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 136-moddasida sudyalar mustaqil ekanligi, faqat qonunga bo‘ysunishi, sudyaning odil sudlovni amalga oshirish faoliyatiga har qanday shaklda aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi hamda bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi qat’iy belgilab qo‘yilgan.

 

Ushbu konstitutsiyaviy qoidalar qonunlarimizda yanada batafsil rivojlantirilgan. Jumladan, “Sudlar to‘g’risida”gi Qonunning 67-moddasiga ko‘ra, sudyalarning mustaqilligi quyidagi kafolatlar orqali ta’minlanadi:

 

sudyalarni qonunda belgilangan tartibda saylash, tayinlash va ozod qilish;

sudyalarning daxlsizligi;

odil sudlovni amalga oshirishda qat’iy protsessual taomillarga rioya etilishi;

qaror qabul qilishda sudyalar maslahatining sir saqlanishi hamda uni oshkor etishni talab qilishning taqiqlanishi;

sudga hurmatsizlik qilish yoki muayyan ishlarni hal etishga aralashganlik, sudyalar daxlsizligini buzganlik uchun javobgarlik belgilanishi;

 

sudyalarga davlat hisobidan ularning yuksak maqomiga munosib moddiy va ijtimoiy ta’minot yaratilishi.

 

Mazkur qonun normalari talablari buzilgan taqdirda, qonunchilikda tegishli javobgarlik choralari nazarda tutilgan. Xususan, sudga hurmatsizlik qilganlik uchun O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g’risidagi kodeksining 180-moddasida, tergov yoki sud ishlarini hal etishga aralashganlik uchun esa Jinoyat kodeksining 236-moddasida qat’iy javobgarlik belgilangan. Bu esa sud hokimiyati mustaqilligiga oid kafolatlarni yanada mustahkamlaydi.

 

Xulosa qilib aytganda, sud hokimiyatining mustaqilligi — odil sudlov sifatini oshirishning eng muhim kafolatidir. Ushbu tamoyil Konstitutsiya va qonunlarimizda alohida mustahkamlab qo‘yilgan. Sud hokimiyati mustaqilligiga qarshi qaratilgan har qanday harakat ijtimoiy xavfli qilmish sifatida baholanib, qonun bilan javobgarlikka sabab bo‘ladi.

 

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ta’kidlaganidek, «sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlash biz uchun eng ustuvor vazifadir. Ayniqsa, sud biron-bir mansabdor shaxs qo‘li etadigan idoraga aylanib qolishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik shart».

 

Azat IMATOV,
Qoraqalpog’iston Respublikasi ma’muriy sudi sudyasi