BOLALARNI ZO‘RAVONLIKNING BARCHA SHAKLLARIDAN HIMOYA QILISH — DAVLAT SIYOSATINING USTUVOR YO‘NALISHI

 

Ma’lumki, 2025 yil 24 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “2026–2030 yillarga mo‘ljallangan Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g’risida”gi Farmon qabul qilindi. Mazkur hujjat mamlakatimizda bolalar huquq va manfaatlarini ta’minlash yo‘lida muhim va tarixiy qadam sifatida e’tirof etilmoqda.

 

Ushbu Farmon faqatgina rasmiy-huquqiy hujjat bo‘lib qolmasdan, balki har bir bolaning tinch, sog’lom va baxtli bolalikka bo‘lgan haq-huquqini ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli davlat strategiyasidir. Zero, bolalar — jamiyatning eng nozik, eng himoyaga muhtoj qatlami hisoblanadi.

 

Afsuski, hayotda bolalar turli shakldagi zo‘ravonlikka duch kelishi mumkin. Jumladan:

  • oiladagi qattiqqo‘llik va bee’tiborlik,
  • maktab yoki jamoat joylarida tahqirlash va bosim,
  • internet makonidagi kiberbulling,
  • psixologik yoki jismoniy tazyiq holatlari.

Avval ham mamlakatimizda bolalar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qonunlar mavjud edi. Biroq yangi qabul qilingan Farmon mazkur muammoga tizimli, kompleks va uzoq muddatli yondashuvni taklif etmoqda. Ya’ni, zo‘ravonlik oqibatlari bilan kurashish emas, balki uning oldini olish, xavfli omillarni bartaraf etish strategiyaning asosiy maqsadi sifatida belgilangan.

 

2026–2030 yillarga mo‘ljallangan mazkur strategiyaning bosh maqsadi — bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish, ular uchun xavfsiz muhit yaratish hamda huquq va qonuniy manfaatlarini to‘liq ta’minlashdan iborat.

 

Bu esa quyidagilarni anglatadi:

  • har bir bola o‘zini himoyalangan his qilishi lozim;
  • bolaning fikri va ovozi eshitilishi shart;
  • muammoga duch kelgan bola hech qachon yordamsiz qolmasligi kerak.

Strategiyada qator muhim yangilik va ustuvor yo‘nalishlar belgilab berilgan. Jumladan, barcha qarorlar qabul qilinishida “bolaning eng yaxshi manfaati” asosiy mezon sifatida belgilanmoqda. Ya’ni, har qanday chora-tadbir avvalo bolaga zarar etkazmasligi, aksincha uning manfaatiga xizmat qilishi lozim.

 

Farmonda faqat jazolovchi choralar emas, balki profilaktikaga qaratilgan mexanizmlar ham alohida o‘rin olgan. Xususan:

  • ota-onalarning bola tarbiyasi bo‘yicha huquqiy va psixologik savodxonligini oshirish,
  • ta’lim muassasalarida psixologik xizmatlarni kuchaytirish,
  • bolalarga o‘z huquqlari va himoya mexanizmlari haqida tushuncha berishga qaratilgan choralar belgilab olingan.

 

Shuningdek, davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlik masalasi ham yangi bosqichga olib chiqilmoqda. Endi bolalar bilan bog’liq muammolar ta’lim, sog’liqni saqlash, ichki ishlar, ijtimoiy himoya va sud organlari o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik va axborot almashuvi asosida hal etiladi.

 

Zo‘ravonlikka uchragan yoki xavf ostidagi bolalarning kimga murojaat qilishini, qaerdan va qanday yordam olishini bilishi uchun oson, ishonchli va samarali himoya tizimlari joriy etilishi ham strategiyaning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

 

Xulosa qilib aytganda, mazkur Farmon ijrosi jarayonida bolani tarbiyalash va uni himoya qilish faqat oilaning emas, balki butun jamiyatning mas’uliyati ekanligi yana bir bor tasdiqlanmoqda. Davlat ushbu hujjat orqali har bir bolaning taqdiriga befarq emasligini, uni eshitishga, himoya qilishga va har bir voyaga etmagan shaxs uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishga tayyor ekanini namoyon etmoqda.

 

 

Xamra BERDIKLICHEV,

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi sudyasi