DAVLAT XIZMATCHISI — QONUN HIMOYASIDA
O‘zbekistonda davlat fuqarolik xizmatini yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida islohotlar izchil davom etmoqda. 2022 yil 10 noyabrdan kuchga kirgan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g’risida”gi Qonun bu yo‘nalishdagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Qonunga ko‘ra, davlat xizmatchilari uchun aniq huquq va majburiyatlar belgilandi, shu bilan birga ularning manfaatlarini himoya qilishning yangi huquqiy mexanizmlari joriy etildi.
Agar davlat organi qabul qilgan qaror qonunga zid bo‘lsa yoki mansabdor shaxsning harakati (yoki harakatsizligi) natijasida xizmatchining huquqlari buzilsa, u endi qo‘l qovushtirib o‘tirishi shart emas. Qonun xizmatchiga uchta yo‘ldan birini tanlash imkonini beradi ya’ni yuqori turuvchi davlat organiga shikoyat qilish, maxsus vakolatli davlat organiga murojaat qilish, sud orqali o‘z huquqini talab qilish.
Ayniqsa, “Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g’risida”gi Kodeks davlat xizmatchilari uchun katta imkoniyat ochadi. Bu kodeks orqali xizmatchi o‘z huquq va manfaatlarini sudda qonuniy asosda himoya qilishi mumkin.
Prezidentning 2025 yil 19 iyundagi «Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yo‘naltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g’risida»gi PF–95-son Farmoni bilan davlat xizmatchilari lavozimlarining yagona reestri tasdiqlandi. Bu esa xizmat tizimini yanada ochiq va samarali qilishga xizmat qiladi.
Davlat xizmatchisi endi o‘z huquqlarini himoya qila oladigan to‘liq mexanizmga ega. Bu, avvalo, adolatli va samarali davlat xizmatini shakllantirish, xizmatchilarning mas’uliyati va ishga ishtiyoqini oshirishga xizmat qiladi.
Kamalatdin XO‘JAMURATOV,
Qoraqalpog’iston Respublikasi ma’muriy sudi sudyasi