MULKNI MUSODARA QILISH TARTIBI
Mulk huquqi shaxsning o‘ziga qarashli mol-mulkka o‘z xohishi bilan va o‘z manfaatlarini ko‘zlab egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish, shuningdek o‘zining mulk huquqini, kim tomonidan bo‘lmasin, har qanday buzishni bartaraf etishni talab qilish huquqidan iborat. Mulk huquqi muddatsiz bo‘lib, mulk daxlsiz va qonun bilan muhofaza qilinadi.
Mulk egasining mol-mulkini olib qo‘yishga, shuningdek uning huquqlarini cheklashga faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda gina yo‘l qo‘yiladi.
Shuningdek, qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda mulkdorning majburiyatlari bo‘yicha undiruv ushbu mol-mulkka qaratilgan taqdirda, shuningdek, natsionalizatsiya qilish, rekvizitsiya va musodara qilish tartibida yo‘l qo‘yiladi.
Qonunda nazarda tutilgan hollarda mol-mulk sudning qaroriga muvofiq jinoyat yoki o‘zga huquqbuzarlik qilganlik uchun haq to‘lamasdan mulkdordan olib qo‘yilishi, ya’ni musodara qilinishi mumkin.
Davlat daromadiga o‘tkaziladigan mol-mulkni olib qo‘yish, hisobga olish, saqlash, baholash va sotish, shuningdek, uni yo‘q qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 15 iyuldagi 200-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Davlat daromadiga o‘tkaziladigan mol-mulkni olib qo‘yish, sotish yoki yo‘q qilib tashlash tartibi to‘g’risida»gi Nizom asosida amalga oshiriladi.
Mulkni olib qo‘yish to‘g’risidagi materiallar qonunchilikda belgilangan tartibda va muddatlarda mol-mulkni davlat daromadiga o‘tkazish yoki uni yo‘q qilish to‘g’risida qaror qabul qiluvchi tegishli sudga yoki organga berilishi kerak. Bunda materialga mol-mulkni olib qo‘yish to‘g’risidagi bayonnoma, mol-mulkni saqlash uchun qabul qilish-topshirish dalolatnomasi, avtomototransport vositasi yoki ko‘chmas mulkni davlat daromadiga o‘tkazishda – ko‘zdan kechirish dalolatnomasi, 20 va undan ortiq yil foydalanilgan avtomototransport vositasini ko‘zdan kechirish dalolatnomasiga O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi davlat xizmati organining avtomototransport vositasining foydalanishga yaroqliligi to‘g’risidagi xulosasi, ekspertiza o‘tkazish uchun qismlar va namunalar olish to‘g’risidagi dalolatnoma, mol-mulkning iste’mol, foydalanish yoki qayta ishlash uchun yaroqliligi yoki yaroqsizligi bo‘yicha ekspert xulosasi, majburiy sertifikatlashtirilishi lozim bo‘lgan mahsulotga muvofiqlik sertifikati, mol-mulkni baholash to‘g’risidagi xulosa yoki mol-mulkni baholash to‘g’risidagi dalolatnoma, shuningdek bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravari va undan ortiq miqdoriga teng bo‘lgan mol-mulk bo‘yicha qo‘shimcha ravishda fotosuratga olish materiallari, mavjud bo‘lganda esa videotasvirga olish materiallari ham ilova qilinadi.
Mulkni davlat daromadiga o‘tkazish yoki uni yo‘q qilib tashlash to‘g’risida qaror qabul qilgan sud yoki boshqa organ o‘z qarorida ekspertiza o‘tkazishda (sertifikatlashda) olingan va qaytarilgan qismlar hamda namunalar sonini ko‘rsatgan holda davlat daromadiga o‘tkaziladigan yoki yo‘q qilib tashlanadigan mol-mulkning qiymati va miqdorini ko‘rsatadi.
Mulkni davlat daromadiga o‘tkazish yoki uni yo‘q qilib tashlash to‘g’risida qaror qabul qilgan sud yoki organ o‘zi chiqargan tegishli qaror kuchga kirganidan keyingi kundan kechiktirmay ijro hujjatini ijro etish uchun tegishli Byuro organiga yuboradi.
Vakolatli organning kuchga kirgan qarori, shuningdek, mol-mulkni davlat daromadiga o‘tkazish yoki mol-mulkni yo‘q qilish to‘g’risidagi sudning kuchga kirgan qarori asosida sud tomonidan beriladigan ijro varaqasi ijro hujjati hisoblanadi.
Sud yoki vakolatli organning ijro hujjatiga ushbu Nizomga asosan yuqorida qayd etilgan, ijroni yuritish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar ilova qilinadi.
Mulkni sotishdan tushgan pul mablag’larining davlat daromadiga to‘liq va o‘z vaqtida tushishini nazorat qilish, shuningdek, davlat organlariga bepul berilgan mol-mulkni hisobga olish soliq organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Mulkni olib qo‘yish, davlat mulkiga o‘tkazish yoki ularni yo‘q qilish, baholash (qayta baholash) hamda sotish vakolati berilgan, olingan pul mablag’larining O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga to‘liq va o‘z vaqtida o‘tkazilishini ta’minlovchi davlat boshqaruvi, nazorat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatining qonuniyligi ustidan nazoratni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va unga bo‘ysunuvchi prokurorlar amalga oshiradi.
Nizom talablari buzilishining har bir holati bo‘yicha prokuratura organlari jazo muqarrarligini ta’minlaydi va qonunda nazarda tutilgan jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan javobgarlik choralarini ko‘radi.
Nizom talablari buzilganligi uchun aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
Spartak Niyazov,
Nukus tumanlararo iqtisodiy sudi raisi