QORAQALPOG’ISTON RESPUBLIKASI SUDIDA MA’RIFAT SOATI: USTOZLARDAN SABOQ

 

Mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, odil sudlovni ta’minlash, qonun ustuvorligini mustahkamlash yo‘lida muhim islohotlar amalga oshirilayotgan bugungi kunda soha faxriylarining o‘rni beqiyosdir. Ularning uzoq yillar davomida to‘plagan boy tajribasi, hayot va mehnat yo‘lida orttirgan bilimlari yosh kadrlar uchun haqiqiy mahorat maktabidir. Shu bois sud tizimida keksa avlod va yoshlar o‘rtasida izchil muloqotni yo‘lga qo‘yish, ustoz-shogird an’analarini mustahkamlash ezgu va samarali tadbirlardan biriga aylandi.

 

 

O‘zbekiston sudyalari assosatsiatsiyasi va sud organlari hamkorligida o‘tkazib kelinayotgan ma’rifat soati doirasidagi “Keksa avlod uchrashuvlari” ana shunday tashabbuslar sirasiga kiradi. Navbatdagi tadbir Qoraqalpog’iston Respublikasi sudida bo‘lib o‘tdi. Tadbirga Qoraqalpog’iston Respublikasi Konstitutsiyaviy nazorat qo‘mitasi raisi, ko‘p yillik tajribaga ega sud faxriysi Paraxat Aytniyazov mehmon sifatida taklif etildi.

 

 

 

 

 

Uchrashuv davomida mehnat faxriysi o‘zining hayot yo‘li, sud tizimida bosib o‘tgan mas’uliyatli faoliyati haqida atroflicha so‘zlab berdi. U yosh sudyalar va xodimlarga murojaat qilib, odil sudlovni qaror toptirish — nafaqat kasbiy burch, balki oliy insoniy mas’uliyat ekanini alohida ta’kidladi.

 

Paraxat Aytniyazov sudyaning asosiy fazilatlari sifatida halollik, poklik, qat’iyat, betaraflik va insonparvarlikni qayd etdi. Ayniqsa, bugun korruptsiyaga qarshi kurash avj olgan bir sharoitda har bir xodim o‘z faoliyatida manfaatdorlik, ta’magirlik kabi illatlarga yo‘l qo‘ymasligi shart ekanligiga to‘xtalib o‘tdi.

 

– “Sudya odil bo‘lishi uchun avvalambor o‘z vijdoni, o‘z qasami, o‘z mas’uliyati oldida toza bo‘lishi kerak. Sud mustaqilligini ta’minlash ham aynan shu poklikdan boshlanadi,” — dedi sud faxriysi.

 

Uchrashuv jarayonida ustoz sohaga yangi kirib kelayotgan yoshlarga tartib-intizomli bo‘lish, xizmat madaniyati va kasbiy odob qoidalariga qat’iy amal qilish zarurligini ham uqtirdi. Shundan so‘ng, o‘zining amaliy tajribasidan kelib chiqib, oddiy vaziyatlarda ham qonun ustuvorligini ta’minlashda qat’iyat va adolatni qo‘ldan boy bermaslik muhimligini misollar bilan bayonlab berdi.

 

 

 

Yosh xodimlar ustozning fikrlarini katta qiziqish bilan tinglab, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Tadbir soxa vakillari uchun nafaqat ma’rifat, balki hayotiy o‘zgarishlarga turtki beruvchi samarali suhbat sifatida xizmat qildi.