QORAO‘ZAKDA YOSHLAR BILAN OCHIQ MULOQOT VA SAYYOR SUD O‘TKAZILDI
Qorao‘zak tumani Yoshlar markazida “Sudya va yoshlar uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Nukus tumanlararo Ma’muriy sudi sudyasi A. Saliev hamda Qorao‘zak tumani prokurori yordamchisi E. Sadullaev ishtirok etib, yoshlar bilan ochiq muloqot olib borishdi.
Tadbirda sudya tomonidan yoshlarga so‘nggi yillarda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, 2025 yil 11 martda qabul qilingan “Aholiga sud muhokamalarida masofadan turib ishtirok etish uchun yanada qulay sharoitlar yaratilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g’risida”gi Qonun haqida tushunchalar berildi. Qonun orqali fuqarolarning sudlarga onlayn tarzda murojaat qilishi va masofadan ishtirok etishi uchun yaratilgan qulayliklar keng yoritildi.
Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 avgustda qabul qilingan “Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g’risida”gi PF–140-sonli Farmonining mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritildi.
Ushbu Farmonda sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish, sud ishlarini yuritishda avtomatlashtirishni yanada rivojlantirish, sudyalar ishini engillashtirish hamda odil sudlovning shaffofligini ta’minlashga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilangan. Shuningdek, sud binolarini zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, moddiy-texnik ta’minotni yaxshilash orqali fuqarolar uchun munosib sud muhitini yaratish ham nazarda tutilgan.
Tadbirning davomi sifatida sayyor sud majlisitashkil etildi. Unda jinoyatchilik va huquqbuzarlikning og’ir oqibatlari, yoshlar o‘rtasida uchrayotgan turli qonunbuzilish holatlari haqida hayotiy misollar keltirildi. Sud muhitini jonli ravishda kuzatgan yoshlar amaliyot orqali qonunning ustuvorligi, jazo muqarrarligi va odil sudlov tushunchalarini yanada chuqurroq anglashdi.