KIMGA QANDAY IMKONIYAT? MEHNATDA TENGLIK MASALASI
Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan soʻng amalga oshirilayotgan keng koʻlamli huquqiy islohotlar natijasida jamiyatda bozor iqtisodiyoti talablariga mos yangi huquqiy tafakkur shakllanmoqda. Bu oʻzgarishlar qonunchilik tizimida ham oʻz ifodasini topib, ayniqsa mehnat munosabatlarini tartibga solish sohasida zamonaviy tamoyillar qaror topmoqda.
Jumladan, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining qabul qilinishi hamda mehnatga oid boshqa qonun hujjatlarining takomillashtirilishi natijasida ushbu sohada inson huquq va manfaatlarini ustuvor qoʻyuvchi yangi huquqiy yondashuvlar shakllandi.
Mehnat huquqi huquq tizimida muhim oʻrin egallaydi. U mehnat bozorida yuzaga keladigan ijtimoiy munosabatlarni, xususan yollanma mehnatdan foydalanish va uni tashkil etish jarayonini huquqiy jihatdan tartibga soladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 42-moddasiga muvofiq, har bir inson munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, xavfsiz va gigiyena talablariga javob beradigan sharoitlarda ishlash, kamsitishlarsiz adolatli ish haqi olish hamda ishsizlikdan qonun asosida himoyalanish huquqiga ega.
Mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori insonning munosib turmush darajasini taʼminlash maqsadida belgilanadi. Shu bilan birga, homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ularni ishdan boʻshatish yoki ish haqini kamaytirish qonunan taqiqlanadi.
Mehnat kodeksining 4-moddasiga koʻra, har kim mehnat huquqlarini amalga oshirish va himoya qilishda teng imkoniyatlarga ega. Mehnat va bandlik sohasida har qanday kamsitish qatʼiyan man etiladi.
Jumladan, jinsi, yoshi, irqi, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy ahvoli, mansab mavqei, yashash joyi, dinga munosabati, eʼtiqodi yoki boshqa shaxsiy belgilarga qarab toʻgʻridan-toʻgʻri yoki bilvosita cheklovlar oʻrnatish yoki imtiyozlar berish kamsitish deb baholanadi.
Biroq ayrim hollarda, mehnatning xususiyati yoki ayrim toifadagi shaxslarning ijtimoiy himoyaga muhtojligi hisobga olinib, qonun doirasida belgilangan farqlar kamsitish hisoblanmaydi. Masalan, voyaga yetmaganlar, nogironligi boʻlgan shaxslar, homilador ayollar yoki oilaviy vazifalarni bajarayotgan shaxslarga nisbatan qoʻshimcha kafolatlar berilishi shular jumlasidandir.
Oʻzini mehnat sohasida kamsitilgan deb hisoblagan shaxs belgilangan tartibda shikoyat qilish, jumladan sudga murojaat etish, yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararni qoplatish huquqiga ega.
Mehnat huquqi subyekti boʻlish uchun shaxs muayyan yoshga yetgan va mehnat qilish qobiliyatiga ega boʻlishi lozim. Amaldagi qonunchilikka koʻra, mehnat huquqiy subyektlilik odatda 16 yoshdan boshlanadi. Ayrim ishlar uchun esa shaxsning 18 yoshga toʻlgan boʻlishi talab etiladi.
Mehnat qilish huquqi insonning asosiy huquqlaridan biri boʻlib, uning himoyasi davlat tomonidan kafolatlanadi. Xususan, sud orqali huquqlarni himoya qilish imkoniyati muhim ahamiyatga ega. Sud qarori asosida ishga tiklangan xodimning buzilgan huquqlari toʻliq tiklanadi va majburan ishlamagan davri uchun haq toʻlanadi.
Fuqarolarning mehnat qilish huquqini buzgan mansabdor shaxslar qonunchilikka muvofiq intizomiy, maʼmuriy, moddiy, ayrim hollarda esa jinoiy javobgarlikka tortiladi.
Shuningdek, “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiq, fuqarolarning ishsizlikdan himoyalanish huquqi kafolatlangan.
Umuman olganda, mehnatga oid qonun hujjatlari xodimlar va ish beruvchilar manfaatlarini muvozanatli taʼminlash, adolatli va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, mehnat unumdorligini oshirish hamda aholining turmush darajasini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Saodat KAIPNAZAROVA,
Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudining sudyasi






