QONUNNI TO‘G’RI QO‘LLASH — ADOLAT KAFOLATI
Jinoyat ishlari bo‘yicha Xo‘jayli tumani sudi raisi S.Davletmuratov boshchiligida tuman prokuraturasi, ichki ishlar bo‘limi hamda sohaviy mutasaddi organlar vakillari ishtirokida amaliy seminar o‘tkazildi.
Mazkur seminarning asosiy maqsadi jinoyat ishlari bo‘yicha tergov sifatini yanada oshirish, tergov va sud jarayonlarida amaldagi qonunchilik normalarini to‘g’ri, aniq va izchil qo‘llash, shuningdek, shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishdan iborat bo‘ldi. Shu bilan birga, har qanday qonunbuzilish holatlarining oldini olish, protsessual kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik hamda huquqni qo‘llash amaliyotida yagona yondashuvni shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Seminar davomida jinoyat ishlarini tergov qilish va sudda ko‘rib chiqish jarayonlarida uchrayotgan ayrim muammoli jihatlar, amaliyotda kuzatilayotgan xato va kamchiliklar muhokama qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar bildirildi. Shuningdek, qonun hujjatlariga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati soha xodimlariga atroflicha tushuntirildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025 yil 24 noyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2006 yil 3 fevraldagi «Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g’risida»gi 1-sonli qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qarorining asosiy jihatlari batafsil sharhlandi. Mazkur qaror jazo tayinlash amaliyotida adolat, qonuniylik va insonparvarlik tamoyillarini yanada mustahkamlashga qaratilgani ta’kidlandi.
Seminar yakunida ishtirokchilar o‘rtasida ochiq muloqot o‘tkazilib, amaliyotga doir savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi. Bunday tadbirlar huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash, jinoyat ishlarini ko‘rib chiqishda qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qilishi qayd etildi.


























