YERGA OID NIZOLAR BO‘YICHA SEMINAR O‘TKAZILDI
Davlat kadastrlar palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasida Nukus tumanlararo ma’muriy sudining raisi R.Jumabaev tomonidan seminar o‘tkazildi. Tadbirda asosan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023 yil 20 noyabrdagi 28-sonli qarori doirasida sudlarda yerga oid nizolarni ko‘rish bo‘yicha qonunchilik normalari muhokama qilindi.
R.Jumabaev o‘z chiqishida yer umummilliy boylik ekanligini, undan oqilona foydalanish zarurligi va uni davlat tomonidan muhofaza qilinishini ta’kidladi. Sudlarda yerga oid nizolarni hal etishda O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksi va boshqa tegishli qonunchilik hujjatlari bir xilda qo‘llanilishi muhimligi qayd etildi.
Seminarda sud amaliyotida ko‘p uchraydigan ma’muriy hujjatlar va mansabdor shaxslarning harakatlari natijasida yuzaga kelgan yerga oid nizolarni hal qilish, yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkasiga egalik qilish, undan foydalanish va tasarruf etish huquqlarini tasdiqlovchi hujjatlarni sudga taqdim etish tartibi, yer uchastkasini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish, kompensatsiya undirish va nizolarni hal etish masalalari, ommaviy-huquqiy va fuqarolik-huquqiy yer nizolari bo‘yicha sudlarning e’tibor berishi lozim bo‘lgan jihatlar kabi masalalarga e’tibor qaratildi.






