SUD TIZIMIDA SUN’IY INTELLEKT IMKONIYATLARI
Bugungi kunda raqamli texnologiyalar jamiyat hayotining barcha sohalariga chuqur kirib borayotgan bir sharoitda sud-huquq tizimida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish va sud faoliyatini raqamlashtirish odil sudlovni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu jarayon sud ishlarini yuritishda zamonaviy yondashuvlarni qo‘llash, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash hamda fuqarolarning sudga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Sud tizimini raqamlashtirish, avvalo, elektron hujjat aylanishi, onlayn sud majlislari, masofaviy tarzda ariza va shikoyatlar qabul qilish imkoniyatlarini kengaytirish orqali sud jarayonlarining tezkor va qulay bo‘lishi ta’minlanadi. Natijada fuqarolar va tadbirkorlar ortiqcha vaqt va xarajatlardan xoli bo‘lib, o‘z huquqlarini himoya qilishda samarali mexanizmlarga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, raqamli echimlar inson omilining ta’sirini kamaytirib, xato va byurokratik to‘siqlarning oldini oladi.
Sun’iy intellekt texnologiyalarining sud faoliyatiga joriy etilishi esa katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilish, sud amaliyotini umumlashtirish va ishlarni ko‘rib chiqish jarayonini oqilona tashkil etish imkonini beradi. Xususan, sud qarorlarini tahlil qilish, o‘xshash ishlarni aniqlash, hujjatlarni avtomatik tarzda tizimlashtirish va ishlarni ko‘rib chiqish muddatlarini prognoz qilish orqali sudyalar ish yuklamasi sezilarli darajada kamayadi. Bu esa sudyalarga har bir ishning mazmun-mohiyatiga chuqur e’tibor qaratish imkonini yaratadi.
Raqamli va sun’iy intellektga asoslangan sud platformalari orqali sud jarayonlari haqidagi ma’lumotlarni ochiq kuzatish, sud qarorlari bilan erkin tanishish hamda ish holatini real vaqt rejimida bilish imkoniyati yaratiladi. Bu esa ochiqlik va shaffoflikni kuchaytirish bilan birga, korruptsiyaviy holatlarning oldini olishda ham muhim omildir.
Umuman olganda, sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini bosqichma-bosqich joriy etish va raqamlashtirish jarayonlari sud-huquq tizimini yanada samarali, adolatli va zamonaviy qilishga qaratilgan. Bu islohotlar fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirish, huquq ustuvorligini ta’minlash va sud tizimi sifatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Elaman BISENOV,
Qoraqalpog’iston Respublikasi ma’muriy sudining sudya katta yordamchisi






