SUD OSHKORALIGI — ADOLATLI SUDLOV KAFOLATI
Sud muhokamasi oshkoraligi va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqi demokratik jamiyatning muhim tamoyillaridan biri hisoblanadi. Mazkur printsiplar fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, sud faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini ta’minlash hamda huquqiy xabardorlik darajasini oshirishda alohida ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Sud muhokamasi oshkoraligini va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini ta’minlash to‘g’risida”gi qarori aynan shu maqsadlarga qaratilgan bo‘lib, sudlar tomonidan qonun normalarining bir xilda va to‘g’ri qo‘llanilishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Qarorda ta’kidlanganidek, sud muhokamasi oshkoraligi jamoatchilikka sudlar faoliyati to‘g’risida o‘z vaqtida, xolis va ishonchli axborot taqdim etish imkonini beradi. Bu esa odil sudlovni amalga oshirishning muhim kafolati sifatida sudga nisbatan jamiyat ishonchini oshiradi.
Shu bilan birga, sud muhokamasining oshkoraligi sudya mustaqilligi printsipiga zid bo‘lmasligi lozim. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq, sudyalar mustaqil bo‘lib, faqat Konstitutsiya va qonunga bo‘ysunadilar. Ommaviy axborot vositalari yoki jamoatchilik tomonidan sud faoliyatiga har qanday bosim o‘tkazishga, ish natijasini oldindan bashorat qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Plenum qarorida sud majlislarida ommaviy axborot vositalari vakillarining ishtirok etish tartibi aniq belgilab berilgan. Ochiq sud majlislarida jurnalistlar ishtirok etishi axborot olishning qonuniy usuli hisoblanadi va ularning sud majlisi zaliga kirishiga asossiz to‘sqinlik qilish qonunga xilof hisoblanadi. Shu bilan birga, ish qonun talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko‘rilgan hollarda, shaxsiy hayot daxlsizligi, davlat yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan sirlar himoya qilinishi shart.
Qarorda axborot olish huquqining barcha uchun teng ekani alohida qayd etilgan. Fuqarolarning tili, jinsi, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqi kafolatlanadi. Sudlar tomonidan taqdim etiladigan axborot o‘z vaqtida va qonun bilan belgilangan muddatlarda berilishi lozim.
Shuningdek, sud qarorlarini e’lon qilish masalalari ham aniq tartibga solingan. Qonuniy kuchga kirgan sud qarorlari, qonunda nazarda tutilgan istisnolardan tashqari, oshkora e’lon qilinishi shart. Bu sud faoliyati ochiqligini ta’minlash bilan birga, fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, sud muhokamasi oshkoraligi va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini ta’minlash — adolatli sudlov, qonuniylik va ochiq jamiyatni barpo etishning muhim shartidir. Mazkur Plenum qarori sudlar faoliyatining ochiqligi va shaffofligini yanada kuchaytirishga, sudga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Utkirjon SABIROV,
Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi sudyasi






