SUD TIZIMIDA YANGI TARIX: RAQAMLI ISLOHOTLAR VA ADOLAT
Har bir jamiyat taraqqiyotining asosiy mezoni – bu adolat. Adolat qay darajada ta’minlansa, xalqning davlatga ishonchi shunchalik mustahkam bo‘ladi. Shunday ekan, sud tizimining samaradorligi – davlatning yuzi, uning taraqqiyotga intilishi, xalq manfaatlariga qay darajada xizmat qilayotganidan darak beradi.
2025 yil 21 avgust kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g’risida»gi Farmoni mamlakatimiz sud tizimi taraqqiyotida yangi tarixiy bosqichni boshlab berdi. Ushbu hujjat nafaqat odil sudlovni ta’minlashda, balki fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratishda ham muhim ahamiyatga ega.
Hozirgi zamonda sud tizimini raqamlashtirish – faqat texnik islohot emas, balki jamiyatda adolat va qonuniylikni mustahkamlashning asosiy sharti sifatida qaralmoqda. Farmon – ana shu ishonchni mustahkamlaydigan, sud tizimini yangi bosqichga olib chiqadigan tarixiy hujjat sifatida baholanishi mumkin.
Farmonda belgilangan “Raqamli sud” kontseptsiyasi sud ishlarini qog’ozbozlikdan xalos etib, barcha jarayonlarni elektron shaklga o‘tkazishni nazarda tutadi. Tasavvur qiling, endilikda fuqaro uyidan chiqmasdan sud hujjatlari bilan tanisha oladi, sud xarajatlarini hisoblaydi, hatto arizasining qaysi sudga taalluqliligini ham bilib oladi.
Sud jarayonlariga sun’iy intellektni tatbiq etish – faqat texnik innovatsiya emas. Bu – inson huquqlarini himoya qilishning yangi usuli. Chunki “aqlli dasturlar” xatolik ehtimolini kamaytiradi, shaffoflikni ta’minlaydi va fuqarolarning ishonchini oshiradi.
Hujjatda sudyalar va xodimlarning ijtimoiy himoyasiga alohida e’tibor qaratilgan. Chunki sudyaning mustaqilligi va adolatli qaror qabul qilishi uning mehnat sharoiti va kafolatlari bilan chambarchas bog’liq.
O‘zbekiston sud tizimida yangi tarix boshlandi. Sun’iy intellekt va raqamlashtirish orqali sudlar xalqqa yanada yaqinlashadi, adolat esa yanada ochiq va ishonchli tarzda ta’minlanadi.
Xamra BERDIKLICHEV,
Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi sudyasi