ONA TABIAT NE’MATLARDAN OQILONA FOYDALANISH – QONUN TALABI

 

 

Ekologiya va tabiat ne’matlaridan noto‘g’ri foydalanish, yoki ularga zarar etkazish jinoyat hisoblanadi. Chunki ona tabiat — insoniyatning hayotiy manbai, jamiyat taraqqiyoti va kelajak avlodlar salomatligining asosidir. Mamlakatimizda tabiatni asrab-avaylash, er va suv resurslaridan oqilona foydalanish, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Davlat dasturlari va qabul qilinayotgan qonun hujjatlari orqali barqaror rivojlanishni ta’minlash, ekologik madaniyatni yuksaltirish va tabiiy boyliklarni muhofaza qilish ustuvor vazifa qilib belgilangan.

 

Er va er osti boyliklari har bir mamlakatning eng muhim milliy boyliklari hisoblanadi. Ular nafaqat iqtisodiyotning turli sohalari uchun asosiy manba, balki xalqning hayot sifati va kelajak avlodlar farovonligi uchun ham bebaho xazinadir.

 

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 197-moddasida er yoki er osti boyliklaridan foydalanish qoidalarini buzish jinoyat hisoblanishi belgilab qo‘yilgan. Bu norma tabiiy resurslardan oqilona va adolatli foydalanishni ta’minlash, shu bilan birga ularni muhofaza qilish maqsadida joriy etilgan.

 

Shuningdek, 197-1-moddada sug’oriladigan erlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlariga qarshi kurashish normalari belgilangan. Erdan foydalanuvchi yoki ijarachi o‘z hududida erning o‘zboshimchalik bilan egallab olingani haqida ma’lum bo‘lsa, u bu holat haqida tegishli organlarga xabar berishga majbur. Agar bu burch bajarilmasa yoki chora ko‘rilmasa, shaxs javobgarlikka tortilishi mumkin.

 

Er va er osti resurslaridan noto‘g’ri foydalanish tuproqning degradatsiyasiga, suv resurslarining ifloslanishiga va ekologik muvozanat buzilishiga olib kelishi mumkin. Sug’oriladigan erlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish esa nafaqat qonunbuzarlik, balki aholining turmush tarziga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

 

Shuningdek, er qazilmalari, suv zaxiralari va mineral resurslar mamlakat iqtisodiyotining barqaror o‘sishiga xizmat qiladi. Belgilangan tartib-qoidalarga amal qilish har bir fuqaro va korxonaning burchi hisoblanadi.

 

Jinoyat kodeksining mazkur moddalarida jarima, ma’lum huquqdan mahrum qilish, majburiy jamoat ishlari, ayrim hollarda esa ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazo choralari belgilangan.

 

Er va er osti boyliklari – har birimizning umumiy boyligimizdir. Ularni asrab-avaylash, qonun doirasida va oqilona foydalanish har birimizdan mas’uliyat talab etadi. Chunki bugungi kunning to‘g’ri munosabati ertangi avlod uchun munosib meros qoldirish demakdir.

 

 

 

Jasur URAZBAEV,

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi sudyasi