QARZ SHARTNOMASI: HUQUQIY SAVODXONLIK NIZOLARDAN ASRAYDI
Bugungi kunda sudlarda qarz undirish bilan bog’liq ishlar tobora ko‘payib borayotgani kuzatilmoqda. Aksariyat hollarda fuqarolar qarz berish yoki olish jarayonida huquqiy talablarga emas, balki oddiy tilxatga tayanadi. Ammo shundan kelib chiqib, keyinchalik turli nizolar yuzaga keladi. Hammamizga ma’lumki, qonunni bilmaslik javobgarlikdan ozod qilmaydi. Shuning uchun har bir fuqaro huquqiy munosabatga kirishishdan oldin, o‘zining amalga oshirmoqchi bo‘layotgan harakatlari haqida etarli huquqiy tushunchaga ega bo‘lishi zarur.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida qarz shartnomasining turlari, shartlari, qarz oluvchining qarzni qaytarish majburiyatlari, qarz shartnomasi shartlari buzilganda kelib chiqadigan oqibatlar hamda bunday shartnomalar yuzasidan nizolashish tartiblari aniq belgilab qo‘yilgan. Kodeksga ko‘ra, qarz shartnomasi deganda bir taraf – qarz beruvchi ikkinchi tarafga – qarz oluvchiga pul yoki mol-mulk topshiradi va qarz oluvchi belgilangan muddatda shu miqdordagi pul yoki mol-mulkni qaytarish majburiyatini o‘z zimmasiga oladi. Shartnoma qarzdor amaliy ravishda mablag’ yoki mol-mulkni olgan paytdan kuchga kiradi. Agar qarz summasi bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan ko‘p bo‘lsa, fuqarolar o‘rtasidagi shartnoma albatta yozma shaklda tuzilishi shart. Taraflardan biri yuridik shaxs bo‘lsa, summaga qaramasdan shartnoma yozma ravishda rasmiylashtirilishi lozim. Ko‘pincha xalq orasida tilxat yozish bilan cheklaniladi va sudga da’vo arizalari shu tilxat asosida kiritiladi. Aslida esa tilxat ham yozma shartnoma sifatida huquqiy kuchga ega.
Biroq yozma shaklga rioya qilinmasa, bu shartnomani haqiqiy emas, deb topish uchun asos bo‘lmaydi. Lekin nizo kelib chiqsa, taraflar guvohlar ko‘rsatmasi bilan emas, balki yozma dalillar yordamida shartnoma mavjudligini yoki uning bajarilganligini isbotlashi mumkin. Masalan, agar qarzni bo‘lib-bo‘lib qaytarish nazarda tutilgan bo‘lsa va qarzdor belgilangan to‘lov muddatini buzsa, qarz beruvchi qolgan qarzning barchasini foizi bilan birga muddatidan oldin qaytarishni talab qilishga haqli. Shuningdek, qarzdor aslida pul yoki mol-mulkni olmaganini yoki shartnomada ko‘rsatilganidan kam miqdorda olganini isbotlasa, da’vo qila oladi.
Amaliyotda eng ko‘p uchraydigan holat – qarzdor qarzini qaytarsa-da, oldin yozgan tilxatini qarz beruvchidan qaytarib olmagani. Bu esa keyinchalik katta muammolarga sabab bo‘lishi mumkin, chunki guvohlarning ko‘rsatmasi bilan qarz qaytarilganini isbotlab bo‘lmaydi. Shuning uchun qarzdor qarzni qaytarganda qarz beruvchidan albatta tilxat yoki qaytarilgan hujjatni talab qilishi shart. Qonunga ko‘ra, qarz beruvchi qarzdorning talabiga binoan qarz qaytarilganini tasdiqlovchi tilxat berishi kerak yoki avval yozilgan tilxatni qaytarishi zarur. Agar qaytarishning imkoni bo‘lmasa, bu holat qarz beruvchi tomonidan berilgan yangi tilxatda albatta ko‘rsatilishi shart.
Sud amaliyotidan olingan misolda ham da’vogar R.K. javobgar K.G’.dan 10.000.000 so‘m qarz undirish haqidagi da’vo arizasi bilan sudga murojaat qilgan. Sud majlisida javobgar K.G’. da’vogar R.K.dan olgan qarzini to‘liq qaytarib berganligini, buni guvoh S.K. tasdiqlashini bildirgan. Biroq javobgar K.G’. qarz beruvchi R.K.dan o‘zining qarz olgan vaqtida yozib bergan tilxatini qaytarib olmagan yoki qarz beruvchi R.K.dan qarzini qaytarib olganligi haqida tilxat yozdirib olmagan. Sud majlisida qarzdor qarzini qaytarganini aytsa-da, tilxatni qaytarib olmagani uchun guvoh ko‘rsatmasi etarli deb topilmagan. Natijada qarzdorning huquqiy imkoniyatlari cheklangan.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, har bir fuqaro qarz olish yoki berishda qonun talablariga amal qilishi shart. Yozma shartnoma tuzish, tilxat yozish va qarz qaytarilganda tegishli hujjatni qaytarib olish – bu nafaqat huquqiy talab, balki nizolarning oldini olishning eng samarali yo‘lidir.
Zulfiya BABADJANOVA,
Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi sudyasi