ZO‘RAVONLIKKA QARSHI HUQUQIY KAFOLATLAR KUCHAYTIRILDI
Oila — jamiyatning tayanchi. Uning mustahkamligi esa nafaqat ma’naviy qadriyatlar, balki aniq huquqiy kafolatlar bilan ham ta’minlanadi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 76-moddasida oila jamiyatning asosiy bo‘g’ini ekani, u jamiyat va davlat himoyasida bo‘lishi qat’iy belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, 58-moddaga muvofiq, xotin-qizlar va erkaklar teng huquqli bo‘lib, davlat ularga jamiyat va davlat boshqaruvida hamda ijtimoiy hayotning barcha sohalarida teng imkoniyatlar yaratishni kafolatlaydi.
Bugungi kunda oilalarda sog’lom ma’naviy muhitni shakllantirish, ularning farovonligini oshirish va xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini kuchaytirish bo‘yicha mustahkam huquqiy poydevor yaratildi. Shu bilan birga, oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarning huquqlarini yanada samarali himoya qilish zarurati dolzarb vazifa sifatida kun tartibiga chiqdi.
Ana shu ehtiyojdan kelib chiqib, 2025 yil 9 aprelda qabul qilingan «Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g’risida» O‘zbekiston Respublikasining 1053-sonli Qonuni bilan qator muhim yangiliklar joriy etildi. Unga ko‘ra, Oila kodeksining 40-moddasi yangi qoida bilan to‘ldirildi: endilikda sud oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxs talab qilgan taqdirda yarashish uchun muddat belgilamaydi.
Bu norma amaliyotda juda muhim ahamiyatga ega. Chunki avval ayrim holatlarda yarashish muddati tayinlanishi jabrlangan shaxs xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin edi. Yangi tartib esa birinchi navbatda inson xavfsizligini ustuvor qo‘yadi.
Qonun bilan Uy-joy kodeksiga ham muhim qo‘shimcha kiritildi. Endi uy-joydan foydalanishga oid nizolar ko‘rilganda sud taraflar kelishuviga asosan mulkdor zimmasiga majburiy kiritilayotgan shaxsni teng sharoitli boshqa uy-joy bilan ta’minlash yoki ijara haqini to‘lash majburiyatini yuklashi mumkin. Bu norma ayniqsa nizoli holatlarda ijtimoiy adolatni ta’minlashga xizmat qiladi.
Mazkur o‘zgartishlar sud amaliyotida bir xil qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida Oliy sud Plenumining 2025 yil 23 iyundagi 15-son qarori bilan tegishli qarorlar ham yangilandi. Xususan, nikohdan ajratish ishlarini ko‘rish tartibiga oid qoidalar qayta ko‘rib chiqilib, zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxs manfaatlarini ustuvor himoya qilish mexanizmlari aniq belgilab berildi.
Shu bilan birga, sudlarga oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik holatlarini baholashda Ma’muriy javobgarlik to‘g’risidagi kodeksning 59²-moddasi va Jinoyat kodeksining 126¹-moddasi talablaridan kelib chiqish zarurligi alohida ko‘rsatib o‘tildi.
Umuman olganda, qonunchilikka kiritilgan mazkur o‘zgartish va qo‘shimchalar oilaviy zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarning huquqiy himoyasini yanada kuchaytirishga, xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini oshirishga hamda oila institutini mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu esa mamlakatimizda inson qadrini ulug’lash tamoyili izchil ta’minlanayotganining yana bir amaliy ifodasidir.
Erkin O‘TENIYAZOV,
Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyasi






