BOLA HUQUQLARI — DAVLAT HIMOYASIDAGI OLIY QADRIYAT
Bola huquqlari — bu har bir bola, ya’ni 18 yoshga to‘lmagan shaxs hech qanday cheklovlarsiz ega bo‘lishi lozim bo‘lgan asosiy huquq va erkinliklar majmuidir. Bolalar va yoshlar kattalar bilan bir xil inson huquqlariga ega ekani xalqaro hamjamiyat tomonidan to‘la tan olingan. Shu bilan birga, bolalarning jismoniy va ruhiy jihatdan himoyaga muhtojligi ular uchun qo‘shimcha kafolatlar va alohida g’amxo‘rlik zarurligini ham taqozo etadi.
Bola huquqlari tushunchasi o‘z ildizini Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining asosiy g’oyalaridan oladi. Mazkur hujjatda “onalik va bolalik alohida g’amxo‘rlik va yordam olish huquqini beradi”, deb belgilab qo‘yilgan. Bu norma bolalarning barcha umumiy inson huquqlariga teng egaligini e’tirof etgan holda, ularni himoya qilishga alohida yondashuv zarurligini ko‘rsatadi.
1989 yil 20 noyabrda qabul qilingan BMTning Bola huquqlari to‘g’risidagi konventsiyasi bolalar huquqlarini himoya qilish sohasidagi eng muhim xalqaro hujjat hisoblanadi. Ushbu Konventsiya insoniyat tarixida eng ko‘p ratifikatsiya qilingan inson huquqlari shartnomasi sifatida bolalar hayotida tub burilish yasadi. O‘zbekiston Respublikasi mazkur Konventsiyaga 1992 yil 9 dekabrda qo‘shilib, bolalar oldidagi xalqaro majburiyatlarni o‘z zimmasiga oldi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Konventsiyaga doir bolalar savdosi, bolalar fohishabozligi, bolalar pornografiyasi hamda bolalarning qurolli mojarolarda ishtirokiga oid Fakultativ protokollarni ham ratifikatsiya qildi. Davlat tomonidan Konventsiya ijrosi yuzasidan BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasiga muntazam ravishda milliy hisobotlar taqdim etib kelinmoqda.
Konventsiyada bolalar huquqlarini himoya qilishning asosiy printsipi sifatida “bolaning eng yaxshi manfaati” tamoyili belgilangan. Bu tamoyil har qanday qaror, chora-tadbir yoki huquqiy ta’sir avvalo bolaning manfaatiga xizmat qilishi shartligini anglatadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham bolalar huquqlari alohida o‘rin egallaydi. Asosiy qonunning XIV bobi “Oila, bolalar va yoshlar” deb nomlanib, unda davlatning bolalar oldidagi majburiyatlari mustahkamlangan. Jumladan, Konstitutsiyaga ko‘ra, bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning bevosita majburiyati hisoblanadi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda “hech bir bola e’tibordan chetda qolmaydi” degan tamoyil asosida bolalar manfaatlariga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. “Inson qadri uchun” g’oyasi hamda “hech kimni orqada qoldirmaslik” printsipi doirasida yangilangan Konstitutsiyada bolalar huquqlarini himoya qilishga doir kafolatlar yanada kuchaytirildi.
Ayniqsa, 2024 yil 14 noyabrda qabul qilingan “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g’risida”gi Qonun bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashishda yangi bosqichni boshlab berdi. Ushbu qonun bilan bolalarga nisbatan zo‘ravonlik shakllari uchtadan oltitagacha kengaytirilib, g’amxo‘rlik qilmaslik, ekspluatatsiya va bulling kabi holatlar ham huquqiy jihatdan aniq belgilab qo‘yildi.
Mazkur yo‘nalishdagi islohotlarning mantiqiy davomi sifatida 2025 yil 24 dekabr kuni “2026–2030 yillarga mo‘ljallangan Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g’risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi. Ushbu hujjat bolalarni himoya qilishga qaratilgan davlat siyosatini tizimli va uzoq muddatli asosda amalga oshirishni ko‘zda tutadi.
Strategiyaga muvofiq, zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki xavf ostidagi bolalarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish, ularning dastlabki ko‘rsatuvlarini videoyozuv orqali qayd etish, vasiylik va homiylik organlari ishtirokini ta’minlash, shuningdek, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik haqida xabar bermagan mansabdor shaxslar uchun javobgarlik joriy etish kabi muhim mexanizmlar belgilandi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonda bolalar huquqlarini himoya qilish sohasida qabul qilingan qonunlar va Prezident Farmonlari bolani himoya qilishni faqat oila yoki alohida institutlar vazifasi emas, balki butun jamiyatning umumiy mas’uliyati sifatida belgilamoqda. Bolaning huquqi va qadri — davlat siyosatidagi eng oliy qadriyat sifatida e’tirof etilib, uni ta’minlashga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda.
Alisher AMETOV,
Qoraqalpog’iston Respublikasi sudining sudyasi






