PROKUROR ISHTIROK ETADIGAN VA ISHTIROKI SHART BO‘LGAN FUQAROLIK ISHLARI BO‘YICHA SUD AMALIYOTI
O‘zbekiston Respublikasining amaldagi fuqarolik protsessual qonunchiligida prokurorning sud ishlarida ishtirok etishi uchun aniq asoslar belgilangan.
Jumladan, prokuror qonunda nazarda tutilgan hollarda, o‘zining da’vo arizasi (yoki arizasi) asosida qo‘zg’atilgan ishlar bo‘yicha sud jarayonida ishtirok etadi.
Prokurorning sudlardagi faoliyatining huquqiy asosi — bu, avvalo, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidir. Konstitutsiyaning 143-moddasida belgilab qo‘yilganidek, mamlakat hududida qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazoratni Bosh prokuror va unga bo‘ysunuvchi prokurorlar amalga oshiradi.
Shuningdek, “Prokuratura to‘g’risida”gi Qonun hamda Mehnat kodeksining 534-moddasida prokuror organlariga fuqarolarning buzilgan huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish vakolati berilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 50-moddasiga ko‘ra, prokuror-davlat manfaatlarini himoya qilish bilan bog’liq ishlar (er munosabatlari, davlat mulki, davlatga etkazilgan zarar va byudjet to‘lovlari kabi) bo‘yicha, qonunda belgilangan boshqa hollarda, yoki prokurorning da’vo arizasi asosida qo‘zg’atilgan ishlar bo‘yicha ishtirok etadi.
Prokuror boshqa shaxslar arizasi bilan qo‘zg’atilgan ishda o‘z tashabbusi bilan qatnashishi mumkin emas. Biroq fuqaro yoshi, sog’ligi yoki boshqa sabablarga ko‘ra o‘z huquqlarini himoya qila olmasa, prokuror uning manfaatlarini sudda himoya qilish uchun murojaat etishi mumkin.
Qonunchilikka ko‘ra, quyidagi toifadagi ishlar prokuror ishtirokisiz ko‘rib chiqilmaydi:
fuqaroni bedarak yo‘qolgan yoki vafot etgan deb e’lon qilish;
spirtli ichimlik yoki giyohvand moddalarni suiiste’mol qilgan shaxsni muomala layoqati cheklangan deb topish;
ruhiy kasallik yoki aqliy zaiflik tufayli muomalaga layoqatsiz deb topish;
farzandlikka olish, psixiatriya yoki sil kasalligiga qarshi muassasaga g’ayriixtiyoriy yotqizish ishlari;
voyaga etmagan shaxsni to‘la muomala layoqatli deb e’lon qilish;
ota-onalik huquqidan mahrum qilish, uni tiklash yoki cheklash bilan bog’liq ishlar.
Bu toifadagi ishlar albatta prokuror ishtirokida ko‘rib chiqiladi.
Prokuror ariza bilan murojaat etgan holda da’vogarning barcha protsessual huquqlariga ega bo‘ladi, ammo kelishuv yoki mediativ bitim tuzish, sud xarajatlarini to‘lash majburiyati — unga taalluqli emas.
Prokuror da’vodan voz kechishi, sud hujjatlari ustidan protest keltirishi, ish bo‘yicha tushuntirishlar berishi mumkin. Ammo da’vogar roziligisiz u da’vo asosi yoki predmetini o‘zgartirishga haqli emas.
2024 yil oktyabridan 2025 yil iyunigacha bo‘lgan davrda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda prokuror ishtirokida birinchi instantsiyada – 2 431 ta, apellyatsiyada – 166 ta, kassatsiyada – 82 ta, taftish instantsiyasida – 62 ta ish ko‘rib chiqilgan.
Bu ko‘rsatkichlar sudlar bilan birgalikda prokurorlar oldidagi ish hajmi tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.
Prokurorlar fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining qonuniy huquq hamda manfaatlarini himoya qilishda, ularning buzilgan huquqlarini tiklashda muhim o‘rin tutadi.
Sudlar bilan hamkorlikda olib borilayotgan bu faoliyat kelgusida ham samarali davom ettirilishiga ishonch bildiriladi.
Erkin UTENIYAZOV,
Qoraqalpog’iston Respublikasi sudining sudyasi






