IQTISODIY SUDLARDA YANGI QONUNNING AHAMIYATI

2025 yil 20 fevralda qabul qilingan O‘RQ-1032-sonli qonun davlat boji masalalariga yangi tartiblar kiritdi. Bu o‘zgarishlar, ayniqsa, iqtisodiy sudlar faoliyati uchun katta ahamiyat kasb etadi.

 

Eng avvalo, elektr va issiqlik energiyasi etkazib beruvchi tashkilotlar iste’molchilar qarzdorligi bo‘yicha sudga murojaat qilganda davlat bojini to‘lashdan ozod etildi. Bu orqali ular uchun moliyaviy engillik yaratildi va qarzdorlikni undirish jarayoni ancha osonlashdi. Natijada iqtisodiy sudlarga murojaat qilish tezlashib, ularda ishlarni ko‘rib chiqish samarasi oshishi kutilmoqda.

 

Shu bilan birga, agar sud da’voni rad etsa, davlat bojini xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotning o‘zi to‘laydi. Bu tartib iqtisodiy sudlarda adolatni ta’minlaydi, suiiste’mol holatlarini oldini oladi.

 

Qonunga kiritilgan o‘zgarishlar xorijiy kompaniyalar uchun ham ahamiyatlidir. Ular vakolatxonalarini akkreditatsiya qilishda davlat bojini qaysi muddat uchun to‘lashini aniq bilib, o‘z faoliyatini rejalashtirishda qiyinchilikka duch kelmaydi. Bu esa investitsiya muhitini yaxshilashga xizmat qiladi.

 

Yakuniy natijada, yangi qonun iqtisodiy sudlar uchun:

murojaatlar tartibini engillashtiradi;

qarzdorlikni undirish jarayonini tezlashtiradi;

adolat va shaffoflikni kuchaytiradi;

tadbirkorlik sub’ektlari uchun huquqiy ishonchni mustahkamlaydi.

 

Demak, O‘RQ-1032-sonli qonun iqtisodiy sudlarning samarali ishlashi va iqtisodiy munosabatlarda barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.

 

 

 

Alisher AYAPOV,

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi sudyasi