QONUNCHILIKDAGI YANGILIKLAR
Odil sudlovni ta’minlash davlatning eng muhim vazifalaridan biri hisoblanadi. Sudlar faoliyati samarali va barqaror bo‘lishi uchun davlat byudjeti asosiy manba bo‘lib xizmat qiladi. Bu jarayonda davlat boji alohida ahamiyatga ega, chunki u sudlarga murojaat qilishda undiriladigan to‘lov sifatida davlat byudjeti shakllanishining tarkibiy qismiga aylangan.
Davlat bojini to‘g’ri belgilash va o‘z vaqtida undirish nafaqat davlat moliyasi uchun, balki har bir fuqaro va tadbirkorlik sub’ekti uchun ham muhimdir. Sudlarga da’vo arizasi berishda, apellyatsiya, kassatsiya va taftish shikoyatlarini kiritishda davlat boji to‘lanishi shart. Biroq qonun ayrim shaxslarni boj to‘lashdan ozod etadi, ayrim holatlarda esa to‘lovni kechiktirish, bo‘lib-bo‘lib to‘lash yoki kamaytirish imkoniyatini beradi. Bu esa iqtisodiy qiyinchilikka duch kelgan shaxslar uchun ham odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini saqlab qoladi.
Shu o‘rinda, 2025 yil 20 fevralda qabul qilingan O‘RQ-1032-sonli Qonun ayrim muhim o‘zgarishlarni joriy etdi. Xususan, elektr va issiqlik energiyasi etkazib beruvchi tashkilotlar iste’molchilar qarzdorligi uchun sudga murojaat qilganda davlat bojini to‘lashdan ozod qilindi. Bu xizmat ko‘rsatuvchilarning moliyaviy yukini engillashtirib, ularga barqaror mablag’ toplanishiga yordam beradi. Natijada aholi uchun elektr va issiqlik ta’minotida uzilishlar kamayadi, xizmat sifatining oshishiga zamin yaratiladi. Biroq agar sud da’voni rad etsa, davlat boji xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotning o‘zi tomonidan to‘lanishi belgilangan. Bu esa qonun normasining adolatli ishlashiga xizmat qiladi.
Qonun xorijiy tijorat tashkilotlari vakolatxonalarini akkreditatsiya qilish tartibini ham aniqlashtirdi. Endi davlat boji qaysi muddat uchun to‘lanishi belgilab qo‘yildi. Bu xorijiy biznes uchun huquqiy tartiblarning ochiq va ravshan bo‘lishiga yordam beradi, shu bilan birga mamlakatimizga investitsiyalar kirib kelishini rag’batlantiradi.
Yakuniy xulosa shuki, davlat boji — davlat byudjeti va odil sudlov tizimining asosiy tayanchi. Uning to‘g’ri belgilanishi va adolatli tartibda undirilishi jamiyatda huquqiy tenglik va moliyaviy barqarorlikni ta’minlaydi. O‘RQ-1032-sonli Qonun esa bu yo‘nalishdagi islohotlarni yanada takomillashtirib, aholi, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar va xorijiy biznes manfaatlarini uyg’unlashtirishga xizmat qilmoqda.
Erkin UTENIYAZOV,
Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi sudyasi






