ER BILAN BOG’LIQ HUQUQIY ISLOHOTLAR
O‘zbekiston Respublikasining «O‘zboshimchalik bilan egallab olingan er uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g’risida»gi qonuni 2024 yil 5 avgust kuni qabul qilinib, ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kirishi va 2028 yil 1 yanvarga qadar amal qilishi qonunning o‘zida belgilab qo‘yildi.
Ushbu Qonunning maqsadi o‘zboshimchalik bilan egallab olingan er uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish bilan bog’liq munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Ushbu Qonun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashab turgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan 2018 yil 1 mayga qadar yakka tartibda uy-joy qurish orqali o‘zboshimchalik bilan egallab olingan er uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga nisbatan huquqlarni e’tirof etish asoslari va tartibini belgilaydi.
Fuqarolar tomonidan 2018 yil 1 mayga qadar yakka tartibda uy-joy qurish orqali o‘zboshimchalik bilan egallab olingan er uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqini e’tirof etish uchun quyidagi shartlarning barchasiga rioya etilganligi asos bo‘ladi, agar:
mazkur er uchastkasi boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga ajratilmagan yoki elektron onlayn-auktsionga qo‘yilmagan bo‘lsa;
mazkur er uchastkasidan foydalanish yuzasidan jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar o‘rtasida nizo mavjud bo‘lmasa;
mazkur er uchastkasi uchun er solig’i bo‘yicha, unda qurilgan binolar va inshootlar uchun esa mol-mulk solig’i bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lmasa.
Janat AYMAGANBETOVA,
Qoraqalpog’iston Respublikasi ma’muriy sudi sudyasi