FARMONNING MAZMUN-MOHIYATI TUSHUNTIRILDI

O‘zbekiston Respublikasi Milliy Gvardiyasi Qoraqalpog’iston Respublikasi mintaqaviy o‘quv markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 10 iyundagi “Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g’risida”gi Farmoni mazmun-mohiyatini tushuntirish bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog’iston Respublikasi sudining sudyasi Sultanmurat Davletmuratov mazkur Farmon bilan sud tizimiga joriy etilayotgan yangi o‘zgarishlar xususida so‘z yuritdi.

 

 

Tadbirda ta’kidlandiki, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib, sudlar faoliyati samaradorligini oshirish, ishni sudga qadar yuritishda taraflarning tengligi va tortishuvi printsipini amalda ta’minlash, shuningdek, tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini samarali himoya qilinishiga erishish maqsadida Prezident Farmoni bilan 2025 yil 1 yanvardan boshlab jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanktsiya berish masalasi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida alohida sudyalar – tergov sudyalari tomonidan ko‘rib chiqilishi tartibi joriy etilishi hamda jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimi kiritilishi belgilandi.

 

 

Tergov sudyalariga ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g’risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolatini berilib, ular tomonidan ko‘rib chiqiladigan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g’risidagi ishlarni yuqori instantsiyalarda qayta ko‘rib chiqishning amaldagi tartibi saqlab qolinmoqda. Shuningdek, tergov sudyasiga 11 turdagi sanktsiyalar va majburlov choralarini qo‘llash masalasini ko‘rib chiqish vakolati berilmoqda.

 

 

Bu bilan jinoyat ishlari bo‘yicha birinchi instantsiya sudlar sudyalari o‘rtasida ish hajmi mutanosibligini to‘liq ta’minlashga erishiladi.

 

 

 

Sudyalar tomonidan jinoyat ishlarini ko‘rish davomida ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlar sinchkovlik bilan to‘la va xolisona tekshirib chiqilishi, sudlanuvchilarning barcha vajlari tekshirilishi va taraflar tomonidan keltirilgan iltimosnomalarni to‘liq ko‘rib chiqilishi uchun zamin yaratadi.

 

 

 

Farmonga muvofiq, tergov sudyasi o‘z faoliyatini mustaqil amalga oshirib, faqat qonunga bo‘ysunishi hamda tergov sudyasiga odil sudlovni amalga oshirish bilan bog’liq bo‘lmagan har qanday vazifalar yuklatilishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilandi.

 

 

Uchrashuvda tinglovchilar mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga sudyadan batafsil javob olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

 

 

Sultanmurat DAVLETMURATOV,

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudining sudyasi