SODDALASHTIRILGAN TARTIBDA ISH YURITISH

Odil sudlov samaradorligini yanada oshirish iqtisodiy protsessual huquqining bugungi dolzarb masalalaridan biri. Korxona, muassasa va tashkilotlar hamda fuqarolarning buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlarini va qonuniy manfaatlarini o‘z vaqtida himoya qilish esa sud ishlarini yuritishni soddalashtirishga bevosita bog’liq. Shu tufayli iqtisodiy sud ishini yuritishga soddalashtirilgan tartib joriy etildi.

Soddalashtirilgan tartibdagi ishlar sud muhokamasi o‘tkazilmasdan, taraflar chaqirtilmasdan va ularning tushuntirishlari eshtilmasdan, da’vo arizasini ish yuritishga qabul qilish va ish qo‘zg’atish haqida ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran yigirma kundan oshmagan muddatta da’vo arizasi yuzasidan yozma fikrni, dalillarni hamda boshqa hujjatlarni taqdim etish uchun belgilangan muddat o‘tganidan keyin sudya tomonidan yakka tartibda ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan.

Soddalashtirilgan ish yuritish tartibidagi ish da’vo ishini yuritishning umumiy qoidalari bo‘yicha sud tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqiladigan ish bo‘yicha da’vo arizasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 149-moddasida nazarda tutilgan talablarga muvofiq bo‘lishi kerak.

Soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqiladigan ish bo‘yicha da’vo arizasiga Iqtisodiy protsessual kodeksining 151-moddasida nazarda tutilgan hujjatlar, shuningdek da’vo arizasining va unga ilova qilingan hujjatlarning ko‘chirma nusxalari javobgarga topshirilganligi haqidagi dalillar ilova qilinadi.

Ushbu talablarga to‘liq amal qilingan bo‘lsa, sud ish soddalashtirilgan tartibida ko‘rilishi hamda ish ko‘rib chiqiladigan sanani ko‘rsatgan holda da’vo arizasini ish yuritishga qabul qilish va ish qo‘zg’atish to‘g’risida ajrim chiqaradi, aks holda da’vo arizasi qaytariladi.

Javobgar da’vo arizasi yuzasidan yozma fikrini da’vo arizasining ko‘chirma nusxasi o‘ziga topshirilgan paytdan e’tiboran o‘n besh kunlik muddatda sudga o‘zi asoslanayotgan hujjatlar va dalillarni ilova qilgan holda taqdim etishga haqli. Yozma fikrga uning ko‘chirma nusxasi da’vogarga yuborilganligini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinadi.

Da’vo arizasining sudga yuborilishi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan javobgar tomonidan da’vo arizasi yuzasidan yozma fikr taqdim etilmaganligi da’vo arizasini soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqishga to‘sqinlik qilmaydi.

Belgilangan muddat o‘tganidan keyin sudga kelib tushgan da’vo arizasi yuzasidan yozma fikr, dalillar va boshqa hujjatlar, agar ularni belgilangan muddatda taqdim etishning imkoni bo‘lmaganligi taraf tomonidan asoslantirilgan va ular sud tomonidan hal qiluv qarori qabul qilinguniga qadar kelib tushgan bo‘lsa, qabul qilinadi.

Ishni soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqish muddatini Iqtisodiy protsessual kodeksining 164-moddasida nazarda tutilgan tartibda uzaytirishga yol qo‘yilmaydi.

Sud soddalashtirilgan ish yuritish tartibidagi ishni sud muhokamasini o‘tkazmasdan, taraflarni chaqirtirmasdan va ularning tushuntirishlarini eshitmasdan ko‘rib chiqadi.

Sud taraflar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda bayon qilingan tushuntir ishlarni, etirozlarni va (yoki) vajlarni tekshiradi, dalillar bilan tanishadi, ashyoviy dalillarni ko‘zdan kechiradi va hal qiluv qarorini qabul qiladi.

Soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqilgan ish bo‘yicha hal qiluv qarori ixtiyoriy tartibda ijro etiladi.

Soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqilgan ish bo‘yicha hal qiluv qarori, agar apellyatsiya shikoyati (protesti) berilmagan bo‘lsa, qabul qilinganidan keyin o‘n kun o‘tgach qonuniy kuchga kiradi.

Apellyatsiya shikoyati (protesti) berilgan taqdirda hal qiluv qarori, agar u bekor qilinmagan bo‘lsa, apellyatsiya instantsiyasi sudining qarori qabul qilingan kundan etiboran qonuniy kuchga kiradi.

Iqtisodiy sudlarda ishlarni soddalashtirilgan tartibida ko‘rish amaliyotining joriy etilishi da’vo summasi kam bo‘lgan nizolar bo‘yicha ishlarni tezkorlik bilan ko‘rib chiqish va sud hujjatlarining tezda ijro qilinishini ta’miynlash imkonini beradi, bunday ishlarning ko‘rib chiqish protsessini tezlashtiradi.

 

 

Rustam QURBANBAEV, 

Beruniy tumanlararo iqtisodiy sudi raisi