Avtomashina o’g’risiga jazo tayinlandi

Samandar (ismlar o’zgartilgan) o’sha kuni eski tanishlari bilan uchrashib, ular bilan birga ozgina “qittay-qittay”dan olib o’tirishadi. Tushda boshlangan ziyofat kechga yaqin tugaydi. Samandar ham yaxshigina mast bo’lib uyiga qaytadi. Uyga kelib biroz dam oladi. Kechki soat 19:00 lar chamasida uning telefoniga qo’ng’iroq bo’ldi, bu o’rtog’i Sharif ekan.

 

Sharif unga biror bir joyga borib o’tirishni taklif qiladi. Ikkala do’st uchrashib, Xo’jayli tumani “Bayterek” MFY hududdida joylashgan “Sauna”ga bordilar. U erda ham Samandar do’sti bilan aroq ichib, yaxshigina dam oldi. Shu orada Sharif yana bir tanishiga qo’ng’iroq qilib, o’ziga cho’milish uchun “shampun, sochiq” kabi bir-ikkita narsa olib kelib berishini so’raydi. Oradan o’n daqiqa o’tar-o’tmas Sharifning tanishi u aytgan narsalarni olib kelib beradi. Bu orada Samandarning ham kayfi oshib o’zini idrok qilolmay boshladi. Buni ko’rgan Sharif “Sen uyingga borib dam olgin” deb uni taksiga o’tqazib, kuzatib quyadi. Ammo Samandar taksidan tushib qolib, yana o’sha joyga qaytib keladi. Yon atrofga qaraydi, oldida turgan “Neksiya-2” avtomashinasiga ko’zi tushadi. Qarasa eshigi qiya ochiqdek, derazalari ham tushurilgan. Huddi o’zining mashinasidek Samandar avtomashina eshigini ochib, rulda qoldirilgan kalit bilan mashinani “zovat” qildirib uyi tomon yo’l oladi. Uyiga eri mashinada qaytib kelganini ko’rgan xotini xangu-mang, yana mast holda mashina haydab kelgan… Kalitni onasi qo’liga tutqazib o’zi uxlab qoldi.

 

Bu orada Sharif va uning tanishi tashqarida o’rtog’ining mashinasini topolmay halak. Aniq qulflab ketgandim deb, mashinasini yo’qotib qo’yganiga ishonmay izlayotgan Sharifning o’rtog’i darhol undan Samandar qaerda turishini so’radi. Sharif esa u unday bola emas deb uni tinchlantirish bilan ovora. Keyin “102” ga telefon qilib, avtomashina yo’qolganligi va u kimdan gumon qilayotganligi to’g’risida xabar berdi.

 

Tez orada avtomashina o’g’risi ham topildi.

 

Samandarning uyiga Ichki ishlar bo’limi xodimlari tezkor guruhi etib kelib, olib qochib ketilgan avtomobilni topishdi, “boqibeg’am” uxlayotgan Samandarni uyg’otib, xibsga olishdi. Tergov, sud…

 

Mazkur jinoyat ishi jinoyat ishlari bo’yicha Xo’jayli tuman sudi tomonidan ochiq sud majlisida ko’rib chiqilib, hukm o’qildi.

 

Sud hukmi bilan Samandar O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybdor deb topilib, unga shu modda bilan Jinoyat Kodeksining 57-moddasi qo’llanilib, 4 (to’rt) yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

 

Spirtli ichimliklar ichish oqibatida yosh yigit o’z xulq-atvorini idrok etolmasdan, jinoyatga qo’l urdi. Xo’shi o’ziga kelganda esa chin ko’ngildan pushaymon bo’ldi, afsus nadomat chekdi. Ammo kech edi… So’nggi pushaymon o’zingga dushman!

 

 

Ibrayim Allaniyazov,
jinoyat ishlari bo’yicha Xo’jayli tuman sudi raisi