Firibgarga 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq Davlat universiteti huquqshunoslik fakultetida tashkil etilgan maxsus o’quv sud zalida O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi 2-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan ayblanuvchi A.Yu-ga oid jinoyat ishi jinoyat ishlari bo’yicha Nukus tuman sudi raisi A.Seytanov tomonidan ochiq sayyor sud majlisida ko’rib chiqildi.
Sudlanuvchi A.Yu. firibgarlik, ya’ni aldash yo’li bilan o’zganing ancha miqdordagi mulkini qo’lga kiritish maqsadida, o’zining tanishlari orqali fuqaro M.T-ni Milliy Gvardiya tizimiga 4000 AQSh dollari evaziga, ishga kiritishni va’da qilib, shundan 2000 AQSh dollarini 02.03.2023 yili Nukus shahri, A.Pushkin ko’chasi bo’yida joylashgan “Turonbank” bank shahobchasi yonida firibgarlik yo’li bilan olgan vaqtida ushlangan va kimyoviy ishlov berilgan pullar ashyoviy dalil tariqasida olingan.
Sudlanuvchi M.Yu. o’zining yuqoridagi harakatlari bilan O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi 2-qismi “a” bandida ko’rsatilgan jinoyatni qasddan sodir qilgan. Shuningdek, sudlanuvchi M.Yu. o’zganing mulkini firibgarlik yo’li bilan qo’lga kiritishni o’z oldiga maqsad qilib qo’yib, mulkiy naf ko’rish maqsadida fuqaro M.T-ni aldash yo’li bilan, Milliy gvardiyada ishlovchi tanishlari orqali 4000 AQSh dollari evaziga ishga kiritishni va’da qilib, uni davlat organining mansabdor shaxsiga pora berishni dalolat qilib, qonunga xilof ekanligini bilan turib, pora berishga qiziqtirib, 02.03.2023 yil Nukus shahri, A.Pushkin ko’chasi bo’yida joylashgan “Turonbank” bank shahobchasi yonida firibgarlik yo’li bilan 2000 AQSh dollarini olgan vaqtida ushlangan va kimyoviy ishlov berilgan pullar ashyoviy dalil tariqasida olingan.
Sudlanuvchi M.Yu Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 2-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybdor topilib, 1 (bir) yil muddatga tashkiliy boshqaruv va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilindi va ish haqining 10 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 3 (uch) yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
Shundan so’ng Jinoyat ishlari bo’yicha Nukus tuman sudining raisi A.Seytanov talabalarga sayyor sudning mazmun-mohiyati, kutilgan samarasi haqida tushuntirib, bugungi sud majlisi, unda ko’rilgan ish, bundan chiqadigan xulosalar haqida gapirdi. Talabalarning fikrini so’rab, barchani suhbatga tortdi. Shuningdek, «Fuqarolar o’rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilikka qarshi kurashish, shuningdek, aholini huquqiy savodxonligini oshirish» mavzularida davra suhbati o’tkazildi.
A.Seytanov,
Jinoyat ishlari bo’yicha Nukus tuman sudining raisi