YANGI O‘ZBЕKISTON VA YANGI QORAQALPOG‘ISTONNI BIRGALIKDA QURISHDA YANGILANAYOTGAN KONSTITUTSIYA MUHIM AHAMIYAT KASB ETADI

Ma’lumki, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi e’lon qilingan qonun loyihasi umumxalq muhokamasidan o‘tkaziladi. Fuqarolar tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalar asosida Qonunchilik palatasi tomonidan takomiliga yetkaziladi. Keyin esa mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi referendumiga qo‘yilib, fuqarolarimiz erkin ovoz berish orqali o‘zlarining bu masala bo‘yicha xohish-irodasini ifoda etadi. Shundan keyingina O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar qonuniy tusga kiradi.

Konstitutsiyaviy islohotlar Vatanimizning bugungi va kelajak hayoti uchun g‘oyat muhim masala bo‘lgani sababli, muhokamalarda ko‘pmillatli xalqimiz tomonidan ko‘plab taklif va tavsiyalar berildi. Shu qatori Qoraqalpog‘iston Respublikasi aholisi ko‘targan barcha takliflar ushbu Konstitutsiya loyihasida har tomonlama inobatga olindi. Hududning o‘ziga xos etnik, madaniy xususiyatlari, milliy urf-odat va qadriyatlari, alohida huquqiy maqomini e’tiborga olib yangilanayotgan Konstitutsiyada Qoraqalpog‘istonning davlat tuzilishi va siyosiy tizimi bilan bog‘liq birorta modda o‘zgarmadi.

Shu bilan birga, Konstitutsiyaning butun matni yangilanayotganligini inobatga olib, faqat moddalarning tartib raqami o‘zgargan xolos. Oldingi 70-75-moddalar loyihada 85-90-moddalar sifatida keltirilmoqda. Chunki, Konstitutsiyaning moddalari 27 taga ko‘paymoqda, hozirda 155 tani tashkil qilmoqda.

Yangilanayotgan Asosiy Qomusimiz loyihasida Orolbo‘yi masalasi Konstitutsiya darajasiga olib chiqilgani nafaqat shu hududda yashovchi fuqarolar, balki butun O‘zbekiston aholisi uchun muhim ahamiyatga ega. Yangilanayotgan Konstitutsiyaga ko‘ra endilikda Orolbo‘yi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish hamda tiklash, mintaqani ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan rivojlantirish yuzasidan choralar ko‘rish davlat ahamiyatidagi yanada muhim masala sifatida mustahkamlanadi.

Qisqacha aytiladigan bo‘lsa, Yangi O‘zbekiston va Yangi Qoraqalpog‘istonni birgalikda qurishda, shu yurt hududi har jihatdan rivoj topishida, aholisi farvon  hayot kechirishida ushbu Yangilanayotgan Konstitutsiya muhim ahamiyat kasb etadi.

Q.Atamuradov, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Amudaryo sudi raisi