SUDGA ISHONCH QAERDAN BOSHLANADI? «ADOLAT QO‘RG’ONI»DAN

«Odil sudlov — 2030» strategiyasida belgilangan muhim ustuvor yo‘nalishlardan biri — «Adolat qo‘rg’oni».

Bu nomning o‘zida katta ma’no bor. Chunki sud, avvalo, inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qiladigan, har qanday ta’sir va aralashuvdan xoli bo‘lgan mustahkam tayanch bo‘lishi kerak.

Bugungi sud-huquq islohotlarining asosiy maqsadi ham — insonni sudga emas, sudni insonga yanada yaqinlashtirishdir.

Fuqaro o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilganda ortiqcha ovoragarchilik, byurokratik to‘siqlarga duch kelmasligi kerak. Shu maqsadda sudlarga murojaat qilish tartibini soddalashtirish, «yagona darcha» tamoyilini kengaytirish, sudlarni aholiga yaqinlashtirish va uzoq hududlarda yashayotgan fuqarolar uchun ham odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bu erda yana bir muhim masala bor. Sudga murojaat qilgan inson, eng avvalo, uning gapi eshitilishini, ishiga xolis va adolatli baho berilishini kutadi. Shuning uchun sud jarayonida taraflarning tengligi, har bir dalil va vajga xolis baho berish, ishlarni oqilona muddatlarda ko‘rib chiqish muhim ahamiyat kasb etadi.

Sud qarorlari ham fuqaro uchun tushunarli bo‘lishi lozim. Qaror qanchalik murakkab huquqiy hujjat bo‘lmasin, uning mazmuni aniq, mantiqiy va ravshan bayon etilsa, inson o‘z huquqi va majburiyatini yaxshiroq anglaydi.

Albatta, «Adolat qo‘rg’oni»ning eng muhim ustunlaridan biri — sudya mustaqilligidir. Sudya qaror qabul qilishda faqat qonunga, ish bo‘yicha to‘plangan dalillarga va o‘zining huquqiy ishonchiga tayanadi. Uning faoliyatiga har qanday tashqi ta’sir yoki aralashuvga yo‘l qo‘yilmasligi — odil sudlovning eng muhim kafolatidir.

Shu bilan birga, sudyalarni sudlovga bevosita aloqador bo‘lmagan vazifalardan ozod qilish, sudlarning tashkiliy va ma’muriy faoliyatini samarali tashkil etish ham sud mustaqilligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Zero, sud — faqat nizoni hal qiladigan muassasa emas. Sud — insonning huquqi, qadr-qimmati va qonuniy manfaatlarini himoya qiladigan muhim davlat instituti.

Shu ma’noda, «Adolat qo‘rg’oni» — shunchaki chiroyli nom emas. Uning zamirida aniq maqsad mujassam: inson huquqlari ustuvorligini ta’minlash, qonun ustuvorligini mustahkamlash va mustaqil sudlovni kafolatlash.

Adolatning haqiqiy mezoni esa — har bir insonning huquqi qonun oldida birdek himoya qilinganida namoyon bo‘ladi. Sudga ishonch mustahkam bo‘lsa, jamiyatda qonunga ishonch ham mustahkam bo‘ladi.

 

Jetkinshek QDIRNIYAZOV
jinoyat ishlari bo‘yicha Sho‘manoy tumani sudi tergov sudyasi