SUD HOKIMIYATIDA KORRUPSIYAGA OʻRIN YOʻQ

 

 

Mamlakatimizda soʻnggi yillarda barcha jabhalarda keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, bular korrupsiyaga qarshi kurashish, ishbilarmonlik muhitini va mehnat sharoitlarini yaxshilash, sud-huquq tizimini isloh qilish, inson huquqlarini himoya qilish, maʼmuriy hamda davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishga qaratilgan.

 

Barcha sohalarda korrupsiya illatlarini bartaraf etish va uning rivojlanishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida korrupsiyaviy holatlarni oʻz vaqtida aniqlash, oldini olish, ularga chek qoʻyish, shuningdek, unga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish muhim vazifalardan biridir. Ayniqsa, korrupsiyaga qarshi kurashishda uni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etish, yaʼni uning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar vaqt va samaradorlik nuqtayi nazaridan ustuvor ahamiyat kasb etadi.

 

Sudyalarning halolligi va pokligi — sud tizimining samaradorligi hamda begʻarazligining eng muhim sharti hisoblanadi. Sudyalarning halolligi sud organlari mustaqilligi bilan chambarchas bogʻliq: sud organlari halollikni taʼminlaydi, halollik esa mustaqillikni mustahkamlaydi.

 

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ham korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanini alohida taʼkidlab, 2020-yil 24-yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida korrupsiyaga qarshi kurashishda jamiyatning barcha qatlamlari faol ishtirok etishi zarurligini qayd etgan.

 

Korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish maqsadida bir qator muhim normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Jumladan, 2019-yil 27-mayda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5729-sonli Farmoni bilan “2019–2020-yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish” davlat dasturi tasdiqlandi.

 

Shuningdek, 2020-yil 29-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6013-sonli Farmoni hamda 2020-yil 7-dekabrdagi PF-6127-sonli “Sudyalarning chinakam mustaqilligini taʼminlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni sud tizimida korrupsiyaning oldini olish, uning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash hamda fuqarolarning sudga boʻlgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

 

Mazkur hujjatlarga muvofiq:

  • sudyalarni tashqi taʼsirlardan himoya qilish;
  • kadrlarni tanlash va baholashda shaffoflikni taʼminlash;
  • korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash;
  • sudyalarning kasbiy va maʼnaviy salohiyatini oshirish
    kabi ustuvor vazifalar belgilab berilgan.

Shu bilan birga, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida ham korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan aniq maqsadlar belgilangan.

 

Korrupsiyaviy xatti-harakatlarning asosida, odatda, manfaatlar toʻqnashuvi yotadi. Manfaatlar toʻqnashuvi — shaxsiy manfaatdorlik xizmat vazifalarini xolis bajarishga taʼsir koʻrsatadigan yoki koʻrsatishi mumkin boʻlgan holatdir.

 

Sudyalar odobi kodeksiga koʻra, sudya har qanday shubhali vaziyatlardan yiroq boʻlishi, oʻz xolisligiga putur yetkazishi mumkin boʻlgan omillarni bartaraf etishi lozim. Zarur hollarda oʻzini oʻzi rad etishi esa adolatli sudlovning muhim kafolati hisoblanadi.

 

Xulosa qilib aytganda, sud hokimiyati mustaqilligi korrupsiyaga qarshi kurashishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu bois sudyalar va sud xodimlari halolligi va pokligini taʼminlash, korrupsiyaga mutlaqo yoʻl qoʻymaslik bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biridir.

 

 

Azamat ABDIRASULIYEV,
fuqarolik ishlari boʻyicha Qoʻngʻirot tumanlararo sudi raisi