Majburiyat asosida kreditorga tegishli bo‘lgan huquq (talab) uning tomonidan bitim bo‘yicha boshqa shaxsga o‘tkazilishi (talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechish) mumkin. Talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechish bitim hisoblanadi, ushbu majburiyatda shaxs (kreditor) so‘zsiz almashadi.
Talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechish shartnomasiga asosan dastlabki kreditor asosiy majburiyat bo‘yicha talab qilish huquqini topshirish, yangi kreditor esa bu huquqlarni qabul qilish majburiyatini oladi.
Talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechish shartnomasi, agarda qonun hujjatlaridan, shartnomaning mazmuni yoki mohiyatidan boshqacha hol anglashilmasa, haq evaziga tuzilgan shartnoma hisoblanadi.
Kreditorning o‘z talabidan boshqa shaxs foydasiga voz kechishiga, basharti u qonun hujjatlariga yoki shartnomaga zid bo‘lmasa, yo‘l qo‘yiladi.
Talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechilganda dastlabki kreditor asosiy majburiyat bo‘yicha shaxs almashtirilishi munosabati bilan majburiyatdan chiqadi.
Kreditorning majburiyat bo‘yicha huquqlari belgilangan tartibda nafaqat talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechish asosida, balki qonunda nazarda tutilgan hollarda ham boshqa shaxslarga o‘tishiga ruxsat beriladi.
Agar qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, dastlabki kreditorning huquqi yangi kreditorga huquq o‘tish paytida mavjud bo‘lgan hajmda va shartlar asosida o‘tadi.
Yangi kreditorga, xususan, pul majburiyatining bajarilishini ta’minlaydigan huquqlar, shuningdek talab bilan bog’liq boshqa huquqlar, shu jumladan to‘lanmagan foizlarga bo‘lgan huquq ham o‘tadi. Vaholanki, pul majburiyatida kreditor o‘zgargan har qanday holda ham dastlabki kreditordan yangi kreditorga barcha huquq va majburiyatlar o‘tadi.
Talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechish shartnomasida qanday talablar qaysi majburiyatlarga asosan o‘tayotganligi aniq ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim.
O‘tkazilayotgan talablar hajmini belgilashda u qanday majburiyatdan kelib chiqqanligi ko‘rsatilib, har qanday shartnomaning muhim sharti hisoblangan shartnoma predmeti ham bitim ishtirokchilari tomonidan belgilanadi.
Talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechish shartnomasining predmeti uning muhim shartlaridan biri hisoblanib, taraflar (dastlabki va yangi kreditor) shartnomada o‘tkaziladigan huquq predmetini aniq, ravshan tarzda asosiy majburiyatga bog’lagan holda ko‘rsatishlari shart.
Agar talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechish shartnomasida voz kechilayotgan huquqni keltirib chiqaruvchi majburiyat aniq ko‘rsatilmagan bo‘lsa, talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechish shartnomasi tuzilmagan deb hisoblanadi.
Talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechgan dastlabki kreditor yangi kreditor oldida unga o‘tkazilgan talabning haqiqiy emasligi uchun javob beradi, biroq qarzdor tomonidan bu talabning bajarilmaganligi uchun javob bermaydi, dastlabki kreditor yangi kreditor oldida qarzdor uchun o‘z zimmasiga kafolatni olgan hollar bundan mustasno.
Talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechish shartnomasining xususiyati shundaki, bunda qonun yoki asosiy shartnomada to‘g’ridan-to‘g’ri boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, majburiyatdagi boshqa tarafnint (qarzdorning) roziligi talab qilinmaydi.
Ammo, talab qilish huquqi o‘tgan yangi kreditor qarzdorni bu haqda yozma ravishda xabardor qilishi shart. Aks holda u bunday xabar bermaslik tufayli kelib chiqqan o‘zi uchun noqulay oqibatlar xavfini o‘z zimmasiga oladi.
O‘z talabidan boshqa shaxs foydasiga voz kechgan kreditorga ham ma’lum majburiyatlar yuklatiladi. U yangi kreditorga talab qilish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni berishi va talabni amalga oshirish uchun ahamiyatli bo‘lgan ma’lumotlarni bildirishi kerak. Qarzdor talablar yangi kreditorga o‘tganligini isbotlovchi hujjatlar o‘ziga taqdim etilmagunicha unga nisbatan majburiyatni bajarmaslikka haqli.
Bunda, qarzdor majburiyat bo‘yicha huquqlar yangi kreditorga o‘tganligi haqida ogohlantirish olgan paytida dastlabki kreditorga qarshi e’tirozlarini yangi kreditorning talabiga qarshi qo‘yishga haqli ekanligi inobatga olinishi lozim.
Kreditorning huquqlari boshqa shaxsga o‘tganligi haqida qarzdorning xabardor qilinmaganligi yoki o‘z talabidan boshqa shaxs foydasiga voz kechgan kreditor talab qilish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni unga bermaganligi uning huquqlarini boshqa shaxsga haqiqatan o‘tkazilganligiga ta’sir qilmaydi va o‘z talabidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish shartnomasini tuzilmaganligiga (haqiqiy emasligiga) olib kelmaydi.
Dastlabki kreditordan yangi kreditorga huquqlarning o‘tkazilishi qarzdorni bitim tuzilganligi to‘g’risida xabardor qilish payti bilan bog’liq emas. Qarzdorni xabardor qilish huquqlar boshqa shaxsga o‘tkazilganligiga binoan amalga oshirilib, bu majburiyat bo‘yicha talab qilish huquqini o‘tkazishning zarur sharti sifatida qaralmaydi.
Talabdan voz kechish ham xuddi boshqa bitimlar kabi muayyan shaklda bajariladi.
Xususan, oddiy yozma shaklda tuzilgan bitimdan kelib chiqadigan talabdan voz kechilishida, xuddi o‘sha oddiy yozma shaklga amal qilinadi. Agar talabdan voz kechish ob’ekti notarial tasdiqlangan bitimga asoslangan bo‘lsa, talabdan voz kechish ham notarial asosda amalga oshirilishi shart.
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bitim bo‘yicha talabdan voz kechilganda, voz kechish ham ana shunday bitimlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun o‘rnatilgan tartibda ro‘yxatga olinishi shart. Masalan, agar ipotekaga oluvchi o‘zining shartnoma asosidagi talab qilish huquqini bitim asosida boshqa shaxsga o‘tkazib berayotgan bo‘lsa, ushbu bitimni ham ipoteka bitimlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibida ro‘yxatga qo‘yilishi shart.
Talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechish shartnomasini tuzish vaqtida asosiy bitimni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish shartligini nazarda tutuvchi qonun hujjatlarining talablari o‘zgargan va bunday toifadagi bitimlarni ro‘yxatga olish shartligi bekor qilingan hollarda talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechish shartnomasini ro‘yxatga olish talab qilinmaydi.
Talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechishga qonun hujjatlari bilan cheklanganlik mavjudligini nazarda tutish lozim.
Kreditorning shaxsi bilan chambarchas bog’langan huquqlarning, xususan alimentlar to‘g’risidagi va hayotga yoki sog’liqqa etkazilgan zararni to‘lash to‘g’risidagi talablarning boshqa shaxsga o‘tishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, doimiy renta shartnomasi bo‘yicha renta oluvchining huquqlari faqat fuqarolar va notijorat tashkilotlariga o‘tkazilishi mumkin (FKning 518-moddasi);
– prokat shartnomasi bo‘yicha ijiraga oluvchi o‘zining huquq va majburiyatlarini boshqa shaxsga o‘tkazishiga yo‘l qo‘yilmaydi (FKning 563-moddasi ikkinchi qismi);
– korxonani ijaraga beruvchining tegishli faoliyat bilan shug’ullanishi uchun maxsus ruxsatnoma asosida olgan huquqlari ijaraga oluvchiga berilishi mumkin emas;
– kafolat bo‘yicha benefitsiarga tegishli bo‘lgan kafilga talab qo‘yish huquqi, agar kafolatda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, boshqa shaxsga o‘tkazilishi mumkin emas va boshqalar.
Talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechishni ta’qiqlash va har qanday cheklashlar yohud talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechishning qo‘shimcha shartlari taraflarning kelishuvlariga binoan shartnomada nazarda tutilishi mumkin.
Shu bilan birga, shartnomada bunday ta’qiq yohud cheklashlar mavjud bo‘lsada, lekin qonun talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechishga yo‘l qo‘yadigan ba’zi bir alohida holatlarga mavjud.
Masalan, Fuqarolik Kodeksining 753-moddasiga muvofiq, mijoz bilan uning qarzdori o‘rtasida talabnomadan boshqa shaxs foydasiga voz kechishni ta’qiqlash yoki cheklash haqida kelishuv bo‘lgan taqdirda ham, pul talabnomasidan moliya agenti foydasiga voz kechish haqiqiy hisoblanadi.
Gawhar ZARIPOVA,
Qoraqalpog’iston Respublikasi sudining sudyasi