ER UCHASTKALARIDAN NOQONUNIY FOYDALANISH: JAVOBGARLIK MUQARRAR
Bugungi kunda er munosabatlarini tartibga solish, er uchastkalaridan qonuniy va maqsadli foydalanishni ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu bois, erdan noqonuniy foydalanish, uni o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlariga nisbatan qonunchilikda aniq va qat’iy javobgarlik choralari belgilangan.
Amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, ayrim holatlarda fuqarolar tomonidan er uchastkalarini tegishli ruxsat va hujjatlarsiz egallab olish, noqonuniy qurilish ishlarini amalga oshirish holatlari uchramoqda. Bunday holatlar esa qonun talablarining buzilishiga, shuningdek, turli huquqiy nizolar kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Shomanay tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan navbatdagi ma’muriy ish ham aynan shu kabi huquqbuzarlik bilan bog’liqdir.
Mazkur ish materiallariga ko‘ra, fuqaro G’aniy Bisenbaev ( ismlar o‘zgartirilgan) avval mavjud turar joyini buzib, kadastr hujjatlarini bekor qildirgan. Shundan so‘ng, ushbu er uchastkasidan qonuniy asoslarsiz foydalangan holda yangi turar joy qurgan.
Ushbu holat yuzasidan tegishli tartibda tekshiruvlar o‘tkazilib, turar joyni rasmiylashtirish imkoniyati mavjud yoki mavjud emasligi aniqlash maqsadida bir necha bor yuqori turuvchi tashkilotlarga murojaat qilingan. Biroq, belgilangan talablarga javob bermasligi sababli, mazkur qurilish noqonuniy deb topilgan.
Shu asosda, vakolatli organ tomonidan fuqaro fuqaro G’aniy Bisenbaevga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g’risidagi kodeksining 60-moddasi 3-qismi bilan ma’muriy jazo, ya’ni katta miqdorda jarima tayinlangan.
Fuqaro tomonidan ushbu qaror ustidan sudga shikoyat arizasi kiritilib, unda jarima miqdorini kamaytirish so‘ragan.
Sud tomonidan ish barcha dalillar, guvohlar ko‘rsatmalari hamda ish materiallari asosida har tomonlama, to‘liq va xolisona o‘rganildi.
Sud muhokamasi jarayonida aniqlanishicha, fuqaro tomonidan er uchastkasidan qonuniy huquqiy asoslarsiz foydalanilgani, mazkur holat vakolatli organ tomonidan to‘g’ri qayd etilgani va qonun talablari asosida huquqiy baho berilgani o‘z tasdig’ini topdi.
Shuningdek, ishni ko‘rib chiqish jarayonida jarimani kamaytirish yoki bekor qilish uchun qonunchilikda nazarda tutilgan asoslar mavjud emasligi aniqlandi.
Natijada, sud tomonidan vakolatli organ qarori o‘zgarishsiz qoldirilib, shikoyat arizasi qanoatlantirilmadi.
Er munosabatlari sohasida qonun talablariga qat’iy rioya etish har bir fuqaroning burchi hisoblanadi. Er uchastkalaridan o‘zboshimchalik bilan foydalanish, noqonuniy qurilish ishlarini amalga oshirish nafaqat ma’muriy javobgarlikka, balki keyinchalik yanada og’ir huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Shu bois, fuqarolar har qanday qurilish yoki er bilan bog’liq harakatlarni amalga oshirishdan oldin tegishli ruxsatnoma va hujjatlarni rasmiylashtirishi, amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishi zarur.
Qonun ustuvorligi ta’minlangan jamiyatdagina adolat va tartib qaror topadi.
Jetkinshek Qdırniyazov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Shomanay tumani sudining tergov sudyasi






