QONUN USTUVORLIGI – YER MUNOSABATLARIDA ADOLAT MEZONI

 

So‘nggi yillarda mamlakatimizda er resurslaridan samarali foydalanish, o‘zboshimchalik bilan er egallash va noqonuniy qurilishlarning oldini olishga qaratilgan huquqiy mexanizmlar yanada takomillashtirildi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g’risidagi kodeksining 60-moddasi er to‘g’risidagi qonunchilikni buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikni belgilaydi.

 

Jinoyat ishlari bo‘yicha To‘rtko‘l tuman sudi amaliyotida ko‘rilgan ishlardan biri mazkur normaning hayotda qanday qo‘llanilishini yaqqol namoyon qildi.

 

Ish materiallariga ko‘ra, fuqaro Sh.B tegishli er ajratish hujjatlarisiz 1500 kvadrat metr er maydonini o‘zboshimchalik bilan egallab, unda 348 kvadrat metrli turar joy qurgan va undan foydalanib kelgan. Ushbu holat davlat er nazorati tadbirlari jarayonida aniqlanib, tegishli dalolatnomalar, fotoilovalar hamda boshqa hujjatlar bilan tasdiqlangan.

 

Shu munosabat bilan vakolatli organ tomonidan huquqbuzarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g’risidagi kodeksning 60-moddasi uchinchi qismiga muvofiq ma’muriy jarima qo‘llanilgan.

 

Fuqaro ushbu qarordan norozi bo‘lib, sudga murojaat qildi. U o‘zining pensiyada ekanligi, oilasining og’ir ijtimoiy ahvoli, farzandlarining vaqtincha ishsizligi hamda kelini nogironligi sababli jarima miqdorini kamaytirish yoki qarorni bekor qilishni so‘radi.

 

Sud muhokamasi davomida huquqbuzar o‘z harakatlarini inkor etmadi. Aksincha, qurilish uchun zarur huquqni belgilovchi hujjatlarga ega emasligini tan oldi. Shu bilan birga, sudga murojaat qilingan vaqtga qadar noqonuniy qurilgan ob’ekt buzilmagani va er uchastkasining avvalgi holati tiklanmagani ham aniqlandi.

 

Sud ish materiallarini har tomonlama, to‘liq va xolisona tahlil qildi. Davlat er nazorati hujjatlari, huquqbuzarning tushuntirishlari hamda boshqa dalillar uning harakatlarida ma’muriy huquqbuzarlik tarkibi mavjudligini to‘liq tasdiqladi.

 

Muhimi, sud qaror qabul qilishda Ma’muriy javobgarlik to‘g’risidagi kodeksning 31 va 33-moddalari talablarini ham inobatga oldi. Ushbu normalarga ko‘ra, ayrim hollarda javobgarlikni engillashtiruvchi holatlar mavjud bo‘lsa, sud engilroq jazo tayinlashi mumkin.

 

Biroq mazkur ishda huquqbuzar noqonuniy qurilishni bartaraf etmagan, erni qonun talablariga muvofiq holatga keltirmagan va huquqbuzarlik oqibatlarini tugatish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rmagan. Shu bois faqatgina moddiy ahvolning og’irligi jazoni engillashtirish uchun etarli huquqiy asos bo‘la olmaydi.

 

Sud qonun ustuvorligi, barcha fuqarolarning qonun oldida tengligi va er munosabatlarida belgilangan tartibga qat’iy rioya qilinishi tamoyillaridan kelib chiqqan holda vakolatli organ qarori qonuniy va asosli ekanligini e’tirof etdi hamda shikoyatni qanoatlantirmasdan qoldirdi.

 

Mazkur sud amaliyoti bir muhim haqiqatni anglatadi: ijtimoiy yoki moddiy ahvol, albatta, sud tomonidan e’tiborga olinadi. Biroq huquqbuzarlik oqibatlari bartaraf etilmagan va qonun talablari bajarilmagan hollarda bu holatlar javobgarlikdan ozod qilish yoki jazoni bekor qilish uchun mustaqil huquqiy asos bo‘la olmaydi.

 

Qonunga hurmat, er munosabatlarida belgilangan tartibga rioya qilish va davlatning er siyosatiga mas’uliyat bilan yondashish har bir fuqaroning burchidir. Ana shu tamoyillarga amal qilish orqali qonun ustuvorligi ta’minlanadi, jamiyatda huquqiy madaniyat yuksaladi va adolat qaror topadi.

 

Baurjan SABUROV,
Jinoyat ishlari bo‘yicha To‘rtko‘l tuman sudining tergov sudyasi