«OʻZBEKISTON – 2030» STRATEGIYASINI YANGI BOSQICHGA OLIB CHIQISH VA UNI AMALGA OSHIRISH DASTURLARI

 

 

Mamlakatimizda «maqsad – harakat – natija» zanjiriga asoslangan mutlaqo yangi strategik rejalashtirish va taraqqiyot tizimi joriy etilgani, «Oʻzbekiston – 2030» strategiyasini yangi talablar asosida takomillashtirish zarurati tugʻilganligi sababli «Oʻzbekiston – 2030» strategiyasi, yaʼni «Mamlakatni 2030-yilgacha rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi 21-sonli farmoni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston xalqiga va Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan islohotlarning ijrosini samarali tashkil etish maqsadida «Oʻzbekiston – 2030» strategiyasini amalga oshirish boʻyicha davlat dasturi toʻgʻrisida «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish» yilida ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha islohotlar dasturlari hamda «Oʻzbekiston – 2030» strategiyasini amalga oshirish boʻyicha davlat dasturi va «Oʻzbekiston – 2030» strategiyasini amalga oshirish boʻyicha davlat dasturi toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi 22-sonli farmoni qabul qilindi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevral kungi 21-sonli farmoni bilan tasdiqlangan «Oʻzbekiston – 2030» strategiyasining
4-yoʻnalish qonun ustuvorligini taʼminlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etishga qaratilgan.

 

Strategiyaning 84-maqsadi:

– jinoyat ishini yuritishda yarashuv institutidan foydalanish;

 

– sudlar va tergov organlari faoliyatida ayrim protsessual harakatlarni masofadan turib amalga oshirish imkoniyati darajasini oshirish;

 

-kiberjinoyatlarning umumiy jinoyatchilikdagi ulushini kamaytirish;

 

– yoshlar va ayollar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarni kamaytirish;

 

– har yili davlat organlari va huquqni muhofaza qilish organlarining 300 nafar xodimini inson huquqlari boʻyicha maxsus malaka oshirish kurslari bilan qamrab olish;

 

Strategiyaning 85-maqsadi:

– sudgacha nizoli boʻlgan ishlarni hal qilish;

 

– maʼmuriy sudlarda ishlarning kelishuv choralari orqali hal etilishi darajasini oshirish;

 

Strategiyaning 86-maqsadi:

– sudyalar orasida xotin-qizlar ulushini 30 foizga yetkazish;

 

– fuqarolarga odil sudlovga erishishda qulay imkoniyatlar yaratish maqsadida yangi interaktiv xizmatlar sonini 19 taga yetkazish;

 

Strategiyaning 87-maqsadi:

 

– sud va boshqa organlar hujjatlarining ijrosini taʼminlash;

 

– jarayoniga sunʼiy intellektni joriy etishni taʼminlash;

 

– jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmagan mahallalarning jami mahallalar salmogʻidagi ulushini oshirish;

 

– prokuror nazorati hujjatlarini elektron shaklda yuritish darajasini va tergovga qadar tekshiruv va tergov jarayonlarida protsessual hujjatlarni elektron shaklda yuritish darajasini oshirish;

 

– yoʻl-transport hodisalari oqibatida odamlar oʻlimi bilan bogʻliq jinoyatlarning yillik koʻrsatkichini, mahalla hududida oldini olish mumkin boʻlgan jinoyatlarning yillik koʻrsatkichini kamaytirish;

 

Strategiyaning 88-maqsadi:

 

– fuqarolik, maʼmuriy va iqtisodiy ishlar boʻyicha advokatlar hamda sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa davlat organlari oʻrtasida elektron hujjatlar almashinuvi darajasini 50 foizga yetkazish;

 

– har 100 ming aholiga toʻgʻri keladigan advokatlar sonini kamida 25 tagacha oshirish etib belgilangan.

 

Bu yuqorida koʻrsatilgan «Oʻzbekiston – 2030» strategiyasi maqsadlari Konstitutsiya va qonunlar ustuvorligini taʼminlash, inson huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini taʼminlash, sud hokimiyati mustaqilligini kuchaytirish va uning faoliyatida ochiqlikni taʼminlash orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish, davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyati ustidan samarali sud nazoratini oʻrnatish va maʼmuriy adliya tizimini yanada rivojlantirish hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini inson manfaatlari, qadr-qimmati va huquqlarini himoya qilishga yoʻnaltirish, shuningdek, advokatura institutini, malakali huquqiy yordam koʻrsatish tizimini rivojlantirish sud-huquq islohotlarining bosh mezonidir.

 

«Oʻzbekiston – 2030» strategiyasini amalga oshirish boʻyicha davlat dasturi toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevral kungi 22-sonli farmoni bilan Davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimini takomillashtirish, jamiyatda hamjihatlikni taʼminlash orqali uni yuksaltirish boʻyicha quyidagi asosiy islohotlar dasturi tuzildi:

 

– jinoyat ishlari boʻyicha sud jarayonlarini xalq vakillari hayʼati ishtirokida oʻtkazish amaliyotini yoʻlga qoʻyish;

 

– jinoyat ishlarida xalqaro eʼtirof etilgan «Xabeas korpus» instituti doirasida tergov sudyalariga qamoqqa olish, uy qamogʻi tarzidagi va boshqa xavfsizlik choralarini oʻzgartirish va bekor qilish vakolatini berish;

 

– jinoyat ishini sudga yuborishda ayblov xulosasi bilan birga «himoya fikri»ni taqdim etish tartibini joriy etish;

 

– jinoyat ishida himoyachiga oʻz himoyasi ostidagi gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki jabrlanuvchi ishtirokida oʻtkazilgan protsessual harakatlarga oid hujjatlar va dalillar bilan tanishib, ulardan nusxalar olish, soʻrov va dastlabki tergov davomida istalgan vaqtda oʻz himoyasi ostidagi gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchiga nisbatan yuritilayotgan jinoyat ishini qoʻzgʻatish va tugatish toʻgʻrisidagi qarorlardan nusxa olish vakolatlarini berish;

 

– advokat soʻroviga maʼlumotlar bepul taqdim etilishi, shuningdek, notarial harakatlar va kadastr organlaridan olinadigan maʼlumotlarni advokat soʻrovi orqali olish imkoniyatini yaratish;

 

– 7 mingdan ortiq advokatlar uchun raqamli himoya mexanizmini joriy etish;

 

– qonunchilikda kolliziyalar, nomuvofiqliklar, «noaniq» qoidalar, «oq dogʻlar» va boshqa korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etish;

 

– «Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi» elektron platformasida davlat xizmatchisining malakasini oshirish amaliyotini yoʻlga qoʻyish;

 

– ochiq maʼlumotlar bazalaridan foydalangan holda davlat organlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash, shu jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashishga xizmat qiladigan dasturiy taʼminotlar, onlayn platformalar ishlab chiqish boʻyicha tanlov («Open Data Challenge» xakatoni) oʻtkazish;

 

– 2026-yil davomida davlat organlari va tashkilotlarida komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻyicha oʻrinbosarlar faoliyatini yoʻlga qoʻyish;

 

– sohalar va hududlar kesimida korrupsiya xavf-xatarlari xaritasi (kartogramma) ni yaratish, korrupsiyaga qarshi kurash media-portalini tashkil etish;

 

– tadbirkorlarni korrupsiyadan himoya qilish maqsadida «Korrupsiyasiz, halol va shaffof biznes – Oʻzbekiston barqaror taraqqiyotining asosi» (Toza biznes) milliy dasturini ishga tushirish;

 

– «Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar toʻgʻrisida»gi Qonunning yangi tahririni ishlab chiqish;

 

– xotin-qizlar va bolalarga nisbatan zoʻravonlikning barcha koʻrinishlariga chek qoʻyish maqsadida javobgarlik choralari kuchaytirilib,
14 yoshga toʻlmagan shaxslarga nisbatan sodir etilgan jinsiy jinoyatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilishgacha jazo choralarini belgilash;

 

– voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilgan jinsiy va zoʻravonlikka oid jinoyatlarni tergov qilishni prokuratura organlarining vakolatiga oʻtkazish;

 

– voyaga yetmaganlar va ayollarga nisbatan zoʻravonlik va tazyiq oʻtkazish bilan bogʻliq ishlarni tergov qilish va koʻrish maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan tergovchi va sudyalar tomonidan amalga oshirilishini yoʻlga qoʻyish;

 

– oila va xotin-qizlar muassasalarida yosh nikohlanuvchilar uchun maxsus oʻquv dasturlari samaradorligini oshirish;

 

– ijro hujjatlari majburiy ijro byurosi organlariga kelib tushishi bilan qarzdorni SMS xabarnoma va ovozli robotlarning avtoqoʻngʻiroqlari orqali darhol xabardor qilish amaliyotini yoʻlga qoʻyish;

 

– ixtiyoriy ijro muddati oʻtgandan soʻng qoʻllaniladigan ayrim majburiy ijro choralari doirasida undiruvni inson omilisiz toʻgʻridan-toʻgʻri amalga oshirish tartibini joriy etish;

 

– ijro harakatlari davomida undirilgan va majburiy ijro byurosi organlarining hisob raqamlariga kelib tushgan pul mablagʻlarini avtomatik tarzda undiruvchi yuridik va jismoniy shaxslarning hisob raqamlari va bank kartalariga darhol oʻtkazish tizimini yaratish;

 

– fuqarolar tomonidan 24/7 rejimida qoʻngʻiroqlar orqali ovozli robotlar yordamida identifikatsiya qilingan holda qarzdorlikning mavjud yoki mavjud emasligi, shuningdek, ijro harakatlariga oid barcha maʼlumotlarni olish amaliyotini yoʻlga qoʻyish;

 

– Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazidagi ekspertiza turlarining 70 foizgacha qismini hududiy boʻlinmalarida joriy etish;

 

-Oʻzbekiston Respublikasining «Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida»gi Konstitutsiyaviy qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasini ishlab chiqish belgilangan.

 

Sudlar faoliyatiga xalqaro standartlarga mos yangi institutlarni joriy etish orqali odil sudlov sifatini yanada oshirish, sud ishlarini yuritishda himoya institutini takomillashtirish, jamiyatda korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirish, shuningdek, giyohvandlik va narkojinoyatchilikka qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirish, xotin-qizlar va bolalarga nisbatan zoʻravonlik kabi jamiyat oldida turgan dolzarb muammolarga qarshi kurashish boʻyicha samarali ishlaydigan tizimni yoʻlga qoʻyish hamda majburiy ijro organlari faoliyatiga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish va ayrim ijro hujjatlarini undirish inson omilisiz amalga oshirilishini taʼminlash amaliyotini yoʻlga qoʻyish orqali yuqorida koʻrsatilgan dasturlar «Oʻzbekiston – 2030» strategiyasini amalga oshirishga xizmat qiladi.

 

Xulosa qilib aytganda, 2026-yil 16-fevralda qabul qilingan ushbu 21-sonli va 22-sonli Prezident farmonlari «Oʻzbekiston – 2030» strategiyasini yanada takomillashtirish, hozirgi umumjahon tendensiyalari, global oʻzgarishlar va yangi chaqiriqlarga mosligini taʼminlash maqsadida mamlakat rivojlanishining oʻrta muddatga moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlari, maqsadlari, dasturlari va ularga erishish boʻyicha samarali koʻrsatkichlarni belgilab berdi.

 

 

  Sarbinaz ABDIKARIMOVA,

Qoraqalpogʻiston Respublikasi maʼmuriy sudi sudya katta yordamchisi