GIYOHVANDLIK — JAMIYATGA TAHDID: QONUN MUQARRAR JAZONI TA’MINLAYDI
Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasi jamiyat xavfsizligi, aholi salomatligi hamda yoshlar tarbiyasiga jiddiy tahdid soluvchi o‘ta og’ir jinoyatlardan hisoblanadi. Bunday qilmishlar nafaqat alohida shaxs, balki butun jamiyat barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida giyohvandlik bilan bog’liq jinoyatlar uchun qat’iy javobgarlik belgilangan bo‘lib, xususan, Kodeksning 270–276-moddalarida taqiqlangan ekinlarni etishtirishdan tortib, giyohvandlik vositalarini tayyorlash, saqlash, tashish, o‘tkazish hamda ularni iste’mol qilishga jalb etish kabi barcha noqonuniy harakatlar uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.
Sud amaliyotida mazkur toifadagi ishlar qonuniylik, adolat va jazoning muqarrarligi printsiplari asosida ko‘rib chiqilib, jamiyat manfaatlarini himoya qilish ustuvor vazifa sifatida ta’minlanmoqda.
Qoraqalpog’iston Respublikasi sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati taftish instantsiyasi tomonidan ochiq sud majlisida sudlangan I.S.ga nisbatan jinoyat ishi taftish tartibida ko‘rib chiqildi.
Ish materiallariga ko‘ra, I.S. 2024 yil 4 may kuni tezkor tadbir davomida shartli xaridorga giyohvandlik vositasi — opiyni pul evaziga sotish vaqtida jinoyat ustida ushlangan. Shuningdek, u o‘z yashash manzilida yana giyohvandlik vositalarini saqlaganligi aniqlanib, ularni ixtiyoriy ravishda taqdim etgan.
Sud-kimyoviy ekspertizalar xulosalariga ko‘ra, ushbu moddalar tarkibida morfin, kodein va tebain kabi faol giyohvand moddalar mavjudligi tasdiqlangan.
Birinchi instantsiya sudi tomonidan I.S.ning harakatlari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi hamda 25,273-moddasi 5-qismi bilan to‘g’ri kvalifikatsiya qilinib, unga nisbatan uzil-kesil 10 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Apellyatsiya instantsiyasi tomonidan mazkur hukm o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Shundan so‘ng, sudlangan I.S. taftish tartibida shikoyat berib, o‘z aybini qisman inkor etgan holda jazoni engillashtirishni so‘ragan.
Biroq sudlov hay’ati ish materiallarini har tomonlama, to‘liq va xolisona o‘rganib chiqib, birinchi va apellyatsiya instantsiyalari qarorlari qonuniy va asosli ekanligiga ishonch hosil qildi.
Jumladan:
aybdorning ko‘rsatmalari,
tezkor tadbir bayonnomalari,
ashyoviy dalillar,
sud-kimyoviy ekspertiza xulosalari
kabi dalillar yig’indisi uning aybini to‘liq tasdiqlagan.
Sud, shuningdek, jazo tayinlashda aybdorning shaxsi, oilaviy ahvoli va pushaymonligi kabi engillashtiruvchi holatlarni inobatga olgan holda, unga nisbatan adolatli jazo tayinlanganini qayd etdi.
Shu asosda taftish instantsiyasi tomonidan sud qarorlarini o‘zgartirish yoki bekor qilish uchun huquqiy asoslar mavjud emasligi aniqlandi.
Sud tomonidan mazkur ish yuzasidan qabul qilingan qaror qonun ustuvorligi, adolat va jazoning muqarrarligi printsiplarining amaliy ifodasidir.
Giyohvandlik vositalari bilan bog’liq jinoyatlar jamiyat uchun o‘ta xavfli ekanligi sababli, bunday qilmishlarga nisbatan murosasiz kurash olib borish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Har bir shaxs shuni anglashi lozimki, giyohvandlik bilan bog’liq noqonuniy harakatlar og’ir huquqiy oqibatlarga olib keladi va qonun oldida javobgarlik muqarrardir.
Sudlar esa bunday jinoyatlarga nisbatan qat’iy va adolatli qarorlar qabul qilish orqali jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
Xamra BERDIKLIChEV,
Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi sudyasi






