SUD HOKIMIYATIDA KORRUPSIYAGA OʻRIN YOʻQ

 

 

Mamlakatimizda soʻnggi yillarda barcha jabhalarda keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, bular korrupsiyaga qarshi kurashish, ishbilarmonlik muhitini va mehnat sharoitlarini yaxshilash, sud-huquq tizimini isloh qilish, inson huquqlarini himoya qilish, maʼmuriy hamda davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishga qaratilgan.

 

Barcha sohalarda korrupsiya illatlarini bartaraf etish va uning rivojlanishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida korrupsiyaviy holatlarni oʻz vaqtida aniqlash, oldini olish, ularga chek qoʻyish, shuningdek, unga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish muhim vazifalardan biridir. Ayniqsa, korrupsiyaga qarshi kurashishda uni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etish, yaʼni uning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar vaqt va samaradorlik nuqtayi nazaridan ustuvor ahamiyat kasb etadi.

 

Sudyalarning halolligi va pokligi — sud tizimining samaradorligi hamda begʻarazligining eng muhim sharti hisoblanadi. Sudyalarning halolligi sud organlari mustaqilligi bilan chambarchas bogʻliq: sud organlari halollikni taʼminlaydi, halollik esa mustaqillikni mustahkamlaydi.

 

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ham korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanini alohida taʼkidlab, 2020-yil 24-yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida korrupsiyaga qarshi kurashishda jamiyatning barcha qatlamlari faol ishtirok etishi zarurligini qayd etgan.

 

Korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish maqsadida bir qator muhim normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Jumladan, 2019-yil 27-mayda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5729-sonli Farmoni bilan “2019–2020-yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish” davlat dasturi tasdiqlandi.

 

Shuningdek, 2020-yil 29-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6013-sonli Farmoni hamda 2020-yil 7-dekabrdagi PF-6127-sonli “Sudyalarning chinakam mustaqilligini taʼminlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni sud tizimida korrupsiyaning oldini olish, uning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash hamda fuqarolarning sudga boʻlgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

 

Mazkur hujjatlarga muvofiq:

  • sudyalarni tashqi taʼsirlardan himoya qilish;
  • kadrlarni tanlash va baholashda shaffoflikni taʼminlash;
  • korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash;
  • sudyalarning kasbiy va maʼnaviy salohiyatini oshirish
    kabi ustuvor vazifalar belgilab berilgan.

Shu bilan birga, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida ham korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan aniq maqsadlar belgilangan.

 

Korrupsiyaviy xatti-harakatlarning asosida, odatda, manfaatlar toʻqnashuvi yotadi. Manfaatlar toʻqnashuvi — shaxsiy manfaatdorlik xizmat vazifalarini xolis bajarishga taʼsir koʻrsatadigan yoki koʻrsatishi mumkin boʻlgan holatdir.

 

Sudyalar odobi kodeksiga koʻra, sudya har qanday shubhali vaziyatlardan yiroq boʻlishi, oʻz xolisligiga putur yetkazishi mumkin boʻlgan omillarni bartaraf etishi lozim. Zarur hollarda oʻzini oʻzi rad etishi esa adolatli sudlovning muhim kafolati hisoblanadi.

 

Xulosa qilib aytganda, sud hokimiyati mustaqilligi korrupsiyaga qarshi kurashishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu bois sudyalar va sud xodimlari halolligi va pokligini taʼminlash, korrupsiyaga mutlaqo yoʻl qoʻymaslik bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biridir.

 

 

Azamat ABDIRASULIYEV,
fuqarolik ishlari boʻyicha Qoʻngʻirot tumanlararo sudi raisi

 

AYOLLARGA NISBATAN TAZYIQ VA ZOʻRAVONLIK UCHUN JAVOBGARLIK

Inson huquq va erkinliklarini taʼminlash har qanday demokratik davlatning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Jamiyatda gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ayniqsa, ularni tazyiq va zoʻravonlikdan muhofaza qilish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylangan. Zero, ayol — oilaning tayanchi va kelajak avlod tarbiyasining muhim omilidir.

 

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish, ularning jamiyatdagi mavqeini mustahkamlash hamda ularga nisbatan har qanday tazyiq va zoʻravonlik holatlarining oldini olishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu borada qabul qilingan “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonun mazkur sohada mustahkam huquqiy asos boʻlib xizmat qilmoqda. Unga koʻra, ayollarga nisbatan jismoniy, ruhiy, jinsiy yoki iqtisodiy zoʻravonlikning barcha shakllari taqiqlanadi.

 

Tazyiq va zoʻravonlik — shaxsning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitish, tahdid qilish, qoʻrqitish, jismoniy kuch ishlatish yoki uni iqtisodiy jihatdan qaram holatga solish kabi gʻayriqonuniy harakatlarni oʻz ichiga oladi. Bunday holatlar nafaqat oilada, balki ish joylarida, taʼlim muassasalarida hamda jamiyatning boshqa sohalarida ham uchrashi mumkin.

 

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, bunday huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslar tegishli tartibda javobgarlikka tortiladi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi hamda Jinoyat kodeksida ushbu qilmishlar uchun maʼmuriy va jinoiy jazo choralari belgilangan. Bu esa jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlash va zoʻravonlik holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.

 

Shuningdek, ayollarni zoʻravonlikdan himoya qilish maqsadida himoya orderi instituti joriy etilgan. Himoya orderi — jabrlanuvchini muhofaza qilishga qaratilgan maxsus huquqiy hujjat boʻlib, u orqali huquqbuzarga nisbatan muayyan cheklovlar belgilanadi va jabrlanuvchining xavfsizligi taʼminlanadi.

 

Bu sohadagi islohotlarni yanada kuchaytirish maqsadida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2026-yil 3-mart kuni qabul qilingan “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holatlarining oldini olish boʻyicha qoʻshimcha tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni muhim ahamiyat kasb etdi. Mazkur hujjat bilan profilaktika ishlarini kuchaytirish, jabrlangan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularga huquqiy, psixologik va ijtimoiy yordam koʻrsatish mexanizmlari yanada takomillashtirildi.

 

Shu bilan birga, bu yoʻnalishda davlat organlari va jamoat tashkilotlari oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, zoʻravonlik holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olish boʻyicha tizimli choralar belgilab berildi.

 

Ayollarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikning oldini olishda nafaqat davlat organlari, balki jamiyatning har bir aʼzosi faol ishtirok etishi lozim. Oilada oʻzaro hurmat va bagʻrikenglik muhitini shakllantirish, yoshlarni inson huquqlariga hurmat ruhida tarbiyalash bunday salbiy holatlarning oldini olishda muhim ahamiyatga ega.

 

Xulosa qilib aytganda, ayollarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish jamiyat barqarorligi va oila mustahkamligini taʼminlovchi muhim omildir. Bu borada qabul qilingan qonunlar va normativ hujjatlar xotin-qizlarning huquqlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qilib, jamiyatda adolat va qonuniylik tamoyillarini mustahkamlaydi.

 

 

Zulfiya BABADJANOVA,
Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi sudyasi

 

ER UCHASTKALARIDAN NOQONUNIY FOYDALANISH: JAVOBGARLIK MUQARRAR

 

Bugungi kunda er munosabatlarini tartibga solish, er uchastkalaridan qonuniy va maqsadli foydalanishni ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu bois, erdan noqonuniy foydalanish, uni o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlariga nisbatan qonunchilikda aniq va qat’iy javobgarlik choralari belgilangan.

 

Amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, ayrim holatlarda fuqarolar tomonidan er uchastkalarini tegishli ruxsat va hujjatlarsiz egallab olish, noqonuniy qurilish ishlarini amalga oshirish holatlari uchramoqda. Bunday holatlar esa qonun talablarining buzilishiga, shuningdek, turli huquqiy nizolar kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda.

 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shomanay tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan navbatdagi ma’muriy ish ham aynan shu kabi huquqbuzarlik bilan bog’liqdir.

 

Mazkur ish materiallariga ko‘ra, fuqaro G’aniy Bisenbaev ( ismlar o‘zgartirilgan)  avval mavjud turar joyini buzib, kadastr hujjatlarini bekor qildirgan. Shundan so‘ng, ushbu er uchastkasidan qonuniy asoslarsiz foydalangan holda yangi turar joy qurgan.

 

Ushbu holat yuzasidan tegishli tartibda tekshiruvlar o‘tkazilib, turar joyni rasmiylashtirish imkoniyati mavjud yoki mavjud emasligi aniqlash maqsadida bir necha bor yuqori turuvchi tashkilotlarga murojaat qilingan. Biroq, belgilangan talablarga javob bermasligi sababli, mazkur qurilish noqonuniy deb topilgan.

 

Shu asosda, vakolatli organ tomonidan fuqaro fuqaro G’aniy Bisenbaevga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g’risidagi kodeksining 60-moddasi 3-qismi bilan ma’muriy jazo, ya’ni katta miqdorda jarima tayinlangan.

 

Fuqaro tomonidan ushbu qaror ustidan sudga shikoyat arizasi kiritilib, unda jarima miqdorini kamaytirish so‘ragan.

 

Sud tomonidan ish barcha dalillar, guvohlar ko‘rsatmalari hamda ish materiallari asosida har tomonlama, to‘liq va xolisona o‘rganildi.

 

Sud muhokamasi jarayonida aniqlanishicha, fuqaro tomonidan er uchastkasidan qonuniy huquqiy asoslarsiz foydalanilgani, mazkur holat vakolatli organ tomonidan to‘g’ri qayd etilgani va qonun talablari asosida huquqiy baho berilgani o‘z tasdig’ini topdi.

 

Shuningdek, ishni ko‘rib chiqish jarayonida jarimani kamaytirish yoki bekor qilish uchun qonunchilikda nazarda tutilgan asoslar mavjud emasligi aniqlandi.

 

Natijada, sud tomonidan vakolatli organ qarori o‘zgarishsiz qoldirilib, shikoyat arizasi qanoatlantirilmadi.

 

Er munosabatlari sohasida qonun talablariga qat’iy rioya etish har bir fuqaroning burchi hisoblanadi. Er uchastkalaridan o‘zboshimchalik bilan foydalanish, noqonuniy qurilish ishlarini amalga oshirish nafaqat ma’muriy javobgarlikka, balki keyinchalik yanada og’ir huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

 

Shu bois, fuqarolar har qanday qurilish yoki er bilan bog’liq harakatlarni amalga oshirishdan oldin tegishli ruxsatnoma va hujjatlarni rasmiylashtirishi, amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishi zarur.

 

Qonun ustuvorligi ta’minlangan jamiyatdagina adolat va tartib qaror topadi.

 

Jetkinshek Qdırniyazov,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shomanay tumani sudining tergov sudyasi

QORAQALPOGʻISTON RESPUBLIKASI KONSTITUTSIYASINING 33 YILLIGI KENG NISHONLANDI

 

 

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33 yilligi munosabati bilan Qoraqalpogʻiston qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar institutida bayram oldi maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuv yuqori saviyada tashkil etildi.

 

 

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi davlat madhiyalari yangrab, ishtirokchilarda yuksak faxr va iftixor tuygʻularini uygʻotdi. Shundan soʻng institut rektori N.Absattarov kirish soʻzi bilan tadbirni ochib, mehmonlarni tanishtirdi hamda barcha ishtirokchilarni ushbu qutlugʻ sana bilan samimiy muborakbod etdi. U oʻz nutqida Konstitutsiyaning jamiyat taraqqiyotidagi beqiyos oʻrni va ahamiyatiga alohida toʻxtaldi.

 

 

 

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi qoʻmita raisi Sh.Oʻtemisov oʻz maʼruzasida Konstitutsiyaning qabul qilinishi tarixiy burilish boʻlganini, u davlat va jamiyatning demokratik rivojlanish yoʻlini belgilab bergan muhim huquqiy hujjat ekanini taʼkidladi. Shuningdek, asosiy qonunimiz inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, milliy huquqiy tizimni shakllantirishda mustahkam poydevor boʻlib xizmat qilayotgani qayd etildi.

 

 

Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi raisi oʻrinbosari B.Ktaybekov soʻzga chiqib, Konstitutsiya har bir davlatning siyosiy, huquqiy va maʼnaviy qiyofasini belgilab beruvchi asosiy hujjat ekanini taʼkidladi. U 1993-yil 9-aprel kuni qabul qilingan Konstitutsiya yangi davlat va jamiyat qurilishida mustahkam asos boʻlganini, aynan shu hujjat orqali jamiyat hayotining barcha sohalarini tartibga soluvchi huquqiy tizim shakllanganini alohida eʼtirof etdi.

 

 

 

Tadbirda shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokuraturasi boʻlim boshligʻi A.Abdikarimov ham ishtirok etib, Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklari ustuvor ahamiyat kasb etishi, mazkur normalar xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplariga mos kelishiga alohida eʼtibor qaratdi.

 

Uchrashuv davomida talaba-yoshlar faol ishtirok etib, oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Mutaxassislar tomonidan berilgan atroflicha javoblar yoshlarning huquqiy bilimlarini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

 

  

«RAHBAR VA YOSHLAR» UCHRASHUVI O‘TKAZILDI

 

 

Xo‘jayli tumani hokimligida «Rahbar va yoshlar» mavzusida uchrashuv tashkil etildi. Unda tuman hokimi J.Ermashev, jinoyat ishlari bo‘yicha Xo‘jayli tumani sudi raisi S.Davletmuratov, tuman prokurori A.Xalimov, ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i B.Xaytboyev hamda boshqa mutasaddi tashkilot rahbarlari va yoshlar ishtirok etdi.

 

Uchrashuv davomida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash va huquqiy ongini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Shuningdek, sohada yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

 

Shundan so‘ng, yoshlarning murojaatlari tinglanib, ularning muammolarini hal etish bo‘yicha mutasaddilarga aniq vazifalar yuklatildi.

 

SAYYOR QABUL: AHOLI MUROJAATLARI E’TIBORDA

 

 

Nukus tumani «Arbashi» QFY hududida sayyor qabul o‘tkazildi. Unda jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus tuman sudining raisi G.Bisenova, fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudining sudyasi J.Baltabayeva va Nukus tumanlararo iqtisodiy sudining sudyasi Z.Xasanova ishtirok etdi.

 

Sayyor qabul davomida fuqarolarning sud-huquq sohasiga oid murojaatlari tinglanib, ularni qiynab kelayotgan masalalar yuzasidan huquqiy tushunchalar berildi.

 

Fuqarolar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga to‘liq javob olib, yechim topilmayotgan muammolar bo‘yicha amaliy maslahatlarga ega bo‘ldi.

 

 

SHAXSNI G’AYRIIXTIYORIY TARTIBDA PSIXIATRIYA STATSIONARIGA YOTQIZISHNING HUQUQIY ASOSLARI

 

Shaxsni g’ayriixtiyoriy tartibda psixiatriya statsionariga yotqizish bilan bog’liq huquqiy munosabatlar tibbiy yordam ko‘rsatishning alohida turi hisoblanadi. Ushbu munosabatlar ixtiyoriy va majburiy davolanish jarayonlarida vujudga kelib, inson salomatligini muhofaza qilish va tiklashga qaratilgan bo‘ladi. Bunda ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat yagona tibbiy standartlar va usullar asosida amalga oshiriladi.

 

O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga “Shaxsni g’ayriixtiyoriy tartibda psixiatriya statsionariga yotqizish yoki uning ushbu muassasada bo‘lish muddatini uzaytirish” to‘g’risidagi 32-bobning kiritilishi fuqarolarning sud orqali himoya qilinishini yanada mustahkamladi. Chunki ayrim holatlarda shaxsning ruhiy holati atrofdagilar uchun xavf tug’dirishi mumkin bo‘lib, bu esa noxush oqibatlarning oldini olish maqsadida uni majburiy tartibda davolash zaruratini keltirib chiqaradi.

 

Mazkur toifadagi ishlar sud tartibida ko‘rib chiqilishi huquqbuzarliklarning oldini olish va fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

O‘zbekiston Respublikasining “Psixiatriya yordami to‘g’risida”gi Qonunining 30 va 31-moddalariga muvofiq, shaxsni g’ayriixtiyoriy tartibda psixiatriya statsionariga yotqizish faqat quyidagi holatlarda amalga oshiriladi:

shaxsni faqat statsionar sharoitida tekshirish yoki davolash mumkin bo‘lganda;
uning ruhiy holati og’ir bo‘lib, o‘ziga yoki atrofdagilarga bevosita xavf tug’dirganda;
shaxs o‘zining asosiy hayotiy ehtiyojlarini mustaqil ravishda qondirishga layoqatsiz bo‘lganda;
psixiatriya yordami ko‘rsatilmasa, uning sog’lig’iga jiddiy zarar etkazilishi ehtimoli mavjud bo‘lganda.

 

Mazkur holatlarda shaxsni statsionarga joylashtirish masalasi sud tomonidan hal qilinadi.

 

Shaxsni g’ayriixtiyoriy tartibda psixiatriya statsionariga yotqizish yoki uning statsionarda bo‘lish muddatini uzaytirish haqidagi ishlar sud tomonidan alohida ish yuritish tartibida ko‘rib chiqiladi. Bu ishlar psixiatriya muassasasi joylashgan hududdagi sudga taalluqlidir.

 

Arizada qonunchilikda nazarda tutilgan asoslar aniq ko‘rsatilishi lozim. Shuningdek, unga shifokor-psixiatrlar komissiyasining shaxsni statsionarga yotqizish yoki uning davolanish muddatini uzaytirish zarurligi haqidagi asoslantirilgan xulosasi ilova qilinishi shart.

 

Sud arizani qabul qilar ekan, ishni ko‘rib chiqish davrida shaxsning statsionarda bo‘lib turishi masalasini ham hal etadi.

 

Ushbu ishlar, qoida tariqasida, o‘n kunlik muddatda ko‘rib chiqiladi. Sud majlisida shaxsning qonuniy vakili, shifokor-psixiatrlar komissiyasi vakili, prokuror hamda psixiatriya muassasasi vakili ishtirok etadi.

 

“Psixiatriya yordami to‘g’risida”gi Qonunning 10-moddasiga muvofiq, shaxs psixiatriya yordami ko‘rsatilayotganda o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun vakil taklif etish huquqiga ega. Vakillik qonunchilikda belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi.

 

Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslarning huquq va manfaatlarini ularning vasiylari, voyaga etmaganlarning huquqlarini esa ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari himoya qiladi.

 

Ish sudda ko‘rib chiqilgandan so‘ng hal qiluv qarori qabul qilinadi. Sudning arizani qanoatlantirish haqidagi hal qiluv qarori shaxsni g’ayriixtiyoriy tartibda psixiatriya statsionariga yotqizish yoki uning u erda bo‘lish muddatini uzaytirish uchun huquqiy asos hisoblanadi.

 

G’ayriixtiyoriy tartibda statsionarga yotqizilgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan barcha huquqlardan foydalanadi. Jumladan, ularning huquqlari tibbiyot sohasidagi boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan ham himoya qilinadi.

 

Shuningdek, “Psixiatriya yordami to‘g’risida”gi Qonunning 39-moddasiga muvofiq, shaxs psixiatriya statsionaridan uning sog’aygani yoki ruhiy holati yaxshilanib, statsionar sharoitida davolanish zarurati qolmagan taqdirda, shuningdek tekshiruv yoki ekspertiza yakunlangan hollarda chiqariladi.

 

Xulosa qilib aytganda, shaxsni g’ayriixtiyoriy tartibda psixiatriya statsionariga yotqizish tartibi inson huquqlari va jamiyat xavfsizligi o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlashga qaratilgan muhim huquqiy mexanizm hisoblanadi.

 

 

Saodat KAIPNAZAROVA,

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudining sudyasi

KONSTITUTSIYA — HUQUQ VA ADOLATNING MUSTAHKAM POYDEVORI

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligiga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.

 

 

Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisining oʻrinbosari Radjapbay Nurazizov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi raisi Kamal Tarixov, respublika prokurorining oʻrinbosari Toʻlqin Nurmetov, professor-oʻqituvchilar, talabalar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

 

Tantanali tadbir davlat madhiyalari ijrosi bilan boshlandi.

 

 

Tadbir davomida soʻzga chiqqanlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinishi tarixi, uning davlat va jamiyat hayotidagi ahamiyati, inson huquq va erkinliklarini taʼminlashdagi oʻrni haqida soʻz yuritdilar.

 

 

Taʼkidlanganidek, Konstitutsiya — demokratik islohotlarni amalga oshirishning mustahkam huquqiy asosi, inson huquq va manfaatlarining ishonchli kafolati hisoblanadi. Bosh Qomusda “inson — jamiyat — davlat” tamoyili ustuvor etib belgilangan.

 

 

Shuningdek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda qonun ustuvorligini taʼminlash, fuqarolar huquq va manfaatlarini himoya qilish, taʼlim sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar alohida taʼkidlandi.

 

Tadbir doirasida maʼruzalar tinglanib, yoshlar ongida huquqiy madaniyatni yuksaltirish, Konstitutsiya normalariga hurmat ruhini mustahkamlash muhim vazifa ekani qayd etildi.

 

Tantanali tadbir madaniy dastur bilan yakunlandi.

 

 

 

KIMGA QANDAY IMKONIYAT? MEHNATDA TENGLIK MASALASI

 

Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan soʻng amalga oshirilayotgan keng koʻlamli huquqiy islohotlar natijasida jamiyatda bozor iqtisodiyoti talablariga mos yangi huquqiy tafakkur shakllanmoqda. Bu oʻzgarishlar qonunchilik tizimida ham oʻz ifodasini topib, ayniqsa mehnat munosabatlarini tartibga solish sohasida zamonaviy tamoyillar qaror topmoqda.

 

Jumladan, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining qabul qilinishi hamda mehnatga oid boshqa qonun hujjatlarining takomillashtirilishi natijasida ushbu sohada inson huquq va manfaatlarini ustuvor qoʻyuvchi yangi huquqiy yondashuvlar shakllandi.

 

Mehnat huquqi huquq tizimida muhim oʻrin egallaydi. U mehnat bozorida yuzaga keladigan ijtimoiy munosabatlarni, xususan yollanma mehnatdan foydalanish va uni tashkil etish jarayonini huquqiy jihatdan tartibga soladi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 42-moddasiga muvofiq, har bir inson munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, xavfsiz va gigiyena talablariga javob beradigan sharoitlarda ishlash, kamsitishlarsiz adolatli ish haqi olish hamda ishsizlikdan qonun asosida himoyalanish huquqiga ega.

 

Mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori insonning munosib turmush darajasini taʼminlash maqsadida belgilanadi. Shu bilan birga, homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ularni ishdan boʻshatish yoki ish haqini kamaytirish qonunan taqiqlanadi.

 

Mehnat kodeksining 4-moddasiga koʻra, har kim mehnat huquqlarini amalga oshirish va himoya qilishda teng imkoniyatlarga ega. Mehnat va bandlik sohasida har qanday kamsitish qatʼiyan man etiladi.

 

Jumladan, jinsi, yoshi, irqi, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy ahvoli, mansab mavqei, yashash joyi, dinga munosabati, eʼtiqodi yoki boshqa shaxsiy belgilarga qarab toʻgʻridan-toʻgʻri yoki bilvosita cheklovlar oʻrnatish yoki imtiyozlar berish kamsitish deb baholanadi.

 

Biroq ayrim hollarda, mehnatning xususiyati yoki ayrim toifadagi shaxslarning ijtimoiy himoyaga muhtojligi hisobga olinib, qonun doirasida belgilangan farqlar kamsitish hisoblanmaydi. Masalan, voyaga yetmaganlar, nogironligi boʻlgan shaxslar, homilador ayollar yoki oilaviy vazifalarni bajarayotgan shaxslarga nisbatan qoʻshimcha kafolatlar berilishi shular jumlasidandir.

 

Oʻzini mehnat sohasida kamsitilgan deb hisoblagan shaxs belgilangan tartibda shikoyat qilish, jumladan sudga murojaat etish, yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararni qoplatish huquqiga ega.

 

Mehnat huquqi subyekti boʻlish uchun shaxs muayyan yoshga yetgan va mehnat qilish qobiliyatiga ega boʻlishi lozim. Amaldagi qonunchilikka koʻra, mehnat huquqiy subyektlilik odatda 16 yoshdan boshlanadi. Ayrim ishlar uchun esa shaxsning 18 yoshga toʻlgan boʻlishi talab etiladi.

 

Mehnat qilish huquqi insonning asosiy huquqlaridan biri boʻlib, uning himoyasi davlat tomonidan kafolatlanadi. Xususan, sud orqali huquqlarni himoya qilish imkoniyati muhim ahamiyatga ega. Sud qarori asosida ishga tiklangan xodimning buzilgan huquqlari toʻliq tiklanadi va majburan ishlamagan davri uchun haq toʻlanadi.

 

Fuqarolarning mehnat qilish huquqini buzgan mansabdor shaxslar qonunchilikka muvofiq intizomiy, maʼmuriy, moddiy, ayrim hollarda esa jinoiy javobgarlikka tortiladi.

 

Shuningdek, “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiq, fuqarolarning ishsizlikdan himoyalanish huquqi kafolatlangan.

 

Umuman olganda, mehnatga oid qonun hujjatlari xodimlar va ish beruvchilar manfaatlarini muvozanatli taʼminlash, adolatli va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, mehnat unumdorligini oshirish hamda aholining turmush darajasini yuksaltirishga xizmat qiladi.

 

 

Saodat KAIPNAZAROVA,

Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudining sudyasi

JAZODAN TUZALISHGA: SAYYOR SUDDA INSON TAQDIRIGA DAXLDOR QARORLAR

Amudaryo tumanining “Beruniy” mahalla fuqarolar yig’ini binosida jinoyat ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudi raisi Jasurbek Baltabaev raisligida navbatdagi ochiq sayyor sud majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlis davomida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 73-moddasiga muvofiq jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilishga oid ishlar ko‘rib chiqildi. Sud tomonidan jazoni o‘tash davomida o‘zini ijobiy tomondan ko‘rsatgan, qonun talablariga rioya etgan hamda tuzalish yo‘liga o‘tgan 13 nafar mahkumga nisbatan jazoning o‘talmay qolgan qismidan muddatidan ilgari shartli ozod qilish to‘g’risida ajrim chiqarildi.

Shu bilan birga, mahkumlarga qonun ustuvorligi va javobgarlik masalalari yuzasidan tushuntirishlar berildi. Xususan, shartli ozod qilingan shaxslar tomonidan yangi jinoyat sodir etilgan taqdirda, qonunchilikda belgilangan tartibda jazo kuchaytirilishi alohida ta’kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 3 martdagi “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g’risida”gi Farmonining mazmun-mohiyati tadbir ishtirokchilariga keng va atroflicha tushuntirildi.

Mazkur farmon doirasida xotin-qizlar va bolalarni har qanday zo‘ravonlik va tazyiqdan himoya qilish, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash, oilada sog’lom muhitni shakllantirishga qaratilgan aniq mexanizmlar belgilab berilgani ta’kidlandi. Shuningdek, zo‘ravonlik holatlarini barvaqt aniqlash, ularning oldini olish va jabrlanuvchilarni ijtimoiy-qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilgani qayd etildi.

Farmonda davlat organlari va jamoatchilik institutlarining o‘zaro hamkorligini kuchaytirish, profilaktika ishlarini tizimli tashkil etish hamda har bir holatga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Ushbu hujjat mamlakatimizda ijtimoiy adolatni qaror toptirish, oila muhitini sog’lomlashtirish va jamiyatning eng himoyaga muhtoj qatlamlari bo‘lgan ayollar hamda bolalarning huquqlarini ishonchli ta’minlash yo‘lidagi muhim va strategik qadam sifatida baholandi.

O‘tkazilgan sayyor sud majlisi va huquqiy targ’ibot tadbiri aholi o‘rtasida huquqiy ong va madaniyatni oshirish, shuningdek, jinoyatchilikning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Skip to content