O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY SUDI PLENUMI QARORINING MAZMUNI HAQIDA  

 

Ma’lumki, fuqarolik ishlari bo‘yicha sud harajatlari davlat boji va ishni ko‘rish bilan bog’liq chiqimlardan iborat.

 

O‘zbekiston Respublikasi «Davlat boji to‘g’risida»gi Qonunining  3-moddasiga muvofiq, davlat boji yuridik ahamiyatga molik harakatlarni amalga oshirganlik va (yoki) bunday harakatlar uchun vakolatli muassasalar va (yoki) mansabdor shaxslar tomonidan hujjatlar berganlik uchun olinadigan majburiy to‘lov hisoblanadi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha davlat bojini undirish bilan bog’liq masalalar «Davlat boji to‘g’risida»gi Qonun, ushbu Qonun bilan tasdiqlangan «Davlat boji stavkalarining miqdorlari» va O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining  13-bobiga muvofiq tartibga solinadi.

 

O‘zbekiston Respublikasi «Davlat boji to‘g’risida»gi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilganligi munosabati bilan, shuningdek, sudlar tomonidan qonun normalarini bir xilda va to‘g’ri qo‘llanilishini ta’minlash, fuqarolik ishlari bo‘yicha sud xarajatlarini undirish amaliyotida mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish maqsadida,  O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi tomonidan 2024 yil 16 dekabrdagi 37-son qarori qabul qilindi.

 

Ushbu Plenum qarorida fuqarolik ishlari bo‘yicha davlat boji qanday arizalardan undirilishi aniq belgilab ko‘rsatib o‘tildi, ya’ni:

 

sudlarga beriladigan da’vo arizalardan, alohida tartibda yuritiladigan ishlarga doir arizalardan, sud buyrug’ini berish to‘g’risidagi arizalardan;

 

hakamlik sudining hal qiluv qarorlari yuzasidan nizolashish haqidagi arizalardan;

 

hakamlik sudining hal qiluv qarorlarini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish to‘g’risidagi arizalardan;

 

4) chet davlat sudining hamda chet davlat hakamlik sudining (arbitrajining) hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish haqidagi arizalardan;

 

korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalarining ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan yuzaga kelmaydigan qarorlari hamda ular mansabdor shaxslarining shunday harakatlari (harakatsizligi) ustidan berilgan da’vo arizalaridan;

 

apellyatsiya, kassatsiya va taftish tartibidagi shikoyatlaridan:

 

a) sudlarning hal qiluv qarorlari ustidan;

 

b) ish yuritishni tugatish to‘g’risidagi, da’voni ko‘rmasdan qoldirish to‘g’risidagi, sud jarimalarini solish to‘g’risidagi ajrimlar ustidan;

 

v) hakamlik sudining hal qiluv qarorlari yuzasidan nizolashish haqidagi ishlar bo‘yicha ajrimlar ustidan;

 

g) hakamlik sudining hal qiluv qarorlarini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish to‘g’risidagi arizalar bo‘yicha ajrimlar ustidan;

 

d) chet davlat sudining hamda chet davlat hakamlik sudining (arbitrajining) hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish to‘g’risidagi arizalar bo‘yicha ajrimlar ustidan;

 

hujjatlarning dublikatlarini va ko‘chirma nusxalarini (shu jumladan, takroriy ravishda beriladigan sud hujjatlarining ko‘chirma nusxalarini) berganlik uchun.

 

Shuningdek,  Plenum qarorida FPKning 396, 416 va 41927-moddalariga asosan apellyatsiya, kassatsiya va taftish instantsiyasi sudlari sud hujjatlarini to‘liq hajmda tekshirib chiqishi shartligidan kelib chiqib, sud qarorlarining sud xarajatlari qismidan norozi bo‘lib berilgan apellyatsiya, kassatsiya va taftish shikoyatlari bo‘yicha davlat boji umumiy asoslarda to‘lanadi, davlat boji bilan bog’liq masalalar bo‘yicha chiqarilgan ajrimlarga nisbatan berilgan xususiy shikoyatlar bundan mustasnoligi haqida tushuntirish berilgan.

 

Qoidaga ko‘ra, davlat boji va pochta xarajati ariza, da’vo arizasi, shikoyat (bundan buyon — ariza) sudga berilgunga qadar to‘lanadi, qonun bilan davlat boji to‘lovi bo‘yicha boshqacha tartib belgilangan hollar bundan mustasno (masalan, arizachi qonun bilan davlat bojini to‘lashdan ozod qilingan, sud tomonidan davlat boji to‘lovi kechiktirilgan yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash belgilangan hollar).

 

Davlat boji to‘langanligi fakti:

 

bank tomonidan to‘lovchiga berilgan belgilangan shakldagi to‘lov hujjati (kvitantsiya, to‘lov topshiriqnomasi va boshqalar);

 

belgilangan shaklda to‘lovni amalga oshirgan mansabdor shaxs yoki davlat organi va tashkilotning kassasi tomonidan to‘lovchiga berilgan to‘lov hujjati;

 

elektron to‘lov tizimidan olingan ma’lumotlar bilan tasdiqlanadi.

 

Shuningdek, «Davlat boji to‘g’risida»gi Qonunning 19-moddasiga ko‘ra, davlat boji quyidagi hollarda umumiy asoslarda undiriladi:

 

qarshi da’vo arizalardan;

 

uchinchi shaxslarning ishga mustaqil da’vo talablar bilan kirishganligi to‘g’risidagi arizalardan.

 

Ishga kirishgan da’vogarning huquqiy vorisidan davlat boji, agar u da’vogar tomonidan to‘lanmagan bo‘lsa, umumiy asoslarda undiriladi.

 

Bunda «Davlat boji to‘g’risida»gi Qonun 7-moddasining ikkinchi qismi va 8-moddasi qoidalari inobatga olinishi lozim.

 

Plenum qaroriga ko‘ra, sudga ariza davlat boji to‘lovisiz kelib tushganda, sudya arizachi qonun bilan uni to‘lashdan ozod qilingan-qilinmaganligini tekshirishi shart.

 

Fuqarolik ishlari bo‘yicha davlat boji to‘lashdan ozod qilingan jismoniy va yuridik shaxslar ro‘yxati «Davlat boji to‘g’risida»gi Qonun    8-moddasining birinchi qismida belgilangan.

 

Bunda «Davlat boji to‘g’risida»gi Qonunning 7-moddasiga ko‘ra,    2020 yil 1 yanvarga qadar qabul qilingan boshqa qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan va ushbu Qonunda nazarda tutilmagan davlat bojini to‘lashdan ozod qilish ushbu hujjatlarning amal qilish muddati tugaguniga qadar kuchda qolishi inobatga olinishi lozim.

 

Agar arizachi qonun yoki boshqa qonunchilik hujjatlariga ko‘ra davlat bojini to‘lashdan ozod qilinmagan va arizada uni to‘lashni kechiktirish, kamaytirish, bo‘lib-bo‘lib to‘lash haqida iltimosnoma mavjud bo‘lmasa, shuningdek pochta xarajatlari to‘lanmagan bo‘lsa, sudya arizani qaytarish haqida ajrim chiqaradi (FPK 195-moddasi birinchi qismining 7-bandi). Ajrimda to‘lanishi lozim bo‘lgan davlat boji, pochta xarajatlari summasi ko‘rsatilishi va ushbu kamchilik bartaraf qilinganidan so‘ng takroran murojaat qilish imkoniyati mavjudligi tushuntirilishi lozim.

 

 

 

 Zulfiya BABADJANOVA,

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudining sudyasi