«ODIL SUDLOV — 2030»: RAQAMLAR ORTIDA INSON TAQDIRI

 

«Odil sudlov — 2030» strategiyasi — mamlakatimizda sud-huquq sohasini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim hujjat.

 

Menimcha, uning eng muhim jihati shundaki, strategiya markazida — inson turibdi. Ya’ni insonning huquqi, uning erkinligi, qonuniy manfaati va, eng muhimi, adolatga bo‘lgan ishonchi. Strategiyada sud tizimini rivojlantirishning 6 ta ustuvor yo‘nalishi belgilangan.

 

Bular — «Xalqchil sud», «Adolat qo‘rg’oni», «Kafolatlangan adolat», «Adolat posbonlari», «Raqamli odil sudlov» va «Xalqaro e’tirof».

 

Bu yo‘nalishlar doirasida 2026–2028 yillarga mo‘ljallangan 160 ta aniq chora-tadbir belgilangan. Shuningdek, 2030 yilga qadar erishilishi lozim bo‘lgan 33 ta asosiy maqsad nazarda tutilgan.

 

Albatta, raqamlar muhim. Lekin fuqaro uchun eng muhimi — bu islohotlar uning hayotida qanday aks etadi?

Menimcha, buni eng avvalo sudga murojaat qilgan inson his qilishi kerak.

Fuqaro sudga kelganda sarson bo‘lmasligi kerak.

«Qaysi sudga murojaat qilaman? Qanday hujjat kerak? Yana qaerga borishim lozim?» degan savollar bilan ovora bo‘lmasligi kerak.

Aksincha, sudga kelgan inson o‘z muammosi eshitilishiga va qonuniy echim topishiga ishonch hosil qilishi kerak.

 

Ana shu nuqtai nazardan, strategiyadagi «Adolat qo‘rg’oni» yo‘nalishi alohida ahamiyatga ega.

 

«Adolat qo‘rg’oni» — bu, avvalo, inson huquqlari ishonchli himoya qilinadigan, har qanday tashqi ta’sir va aralashuvdan xoli bo‘lgan mustaqil sud tizimi degani.

Chunki inson sudga, odatda, oddiy hayotiy masala bilan murojaat qiladi.

 

Kimdir oilaviy nizo bilan keladi. Kimdir meros masalasida huquqini himoya qilmoqchi bo‘ladi. Yana kimdir mehnat, mulk yoki qarz bilan bog’liq muammosini hal qilish uchun sudga murojaat qiladi.

 

Har bir inson uchun esa uning muammosi — muhim.

 

Shuning uchun sud har bir ishga xolis yondashishi, taraflarni teng eshitishi va qarorni faqat qonun hamda dalillarga asoslanib qabul qilishi kerak.

Bu erda sudya mustaqilligi hal qiluvchi ahamiyatga ega.

 

Sudya qaror qabul qilayotganda kimningdir mavqeiga yoki ta’siriga emas, qonunga tayanadi. Sudya mustaqilligi — sudya uchun imtiyoz emas.

Bu — fuqaroning adolatli sudlovga bo‘lgan huquqi kafolati. Strategiyada sudni insonga yanada yaqinlashtirishga ham katta e’tibor qaratilgan.

 

Xususan, 2030 yilga qadar fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarni 208 ta tuman va shaharda bosqichma-bosqich tashkil etish belgilanmoqda. Buning ahamiyati juda katta. Chunki ayrim hollarda inson o‘zining oddiy hayotiy muammosi bo‘yicha sudga borish uchun o‘nlab, hatto yuzlab kilometr yo‘l bosishiga to‘g’ri keladi.

 

Masalan, oilaviy masala yoki meros nizosi uchun odam boshqa tumanga borib kelishga majbur bo‘lmasligi kerak.

 

Sud insonga yaqin bo‘lishi kerak. Shuningdek, «Yagona darcha» tamoyilining joriy etilishi ham fuqarolar uchun katta qulaylik yaratadi. Inson bir hujjat uchun bir nechta xonaga kirib chiqmasligi, qaerga va qanday murojaat qilishini oson bilishi kerak.

 

Yana bir muhim masala — sud qarorining tushunarli bo‘lishi.

 

Menimcha, inson sud qarorini o‘qiganda, eng avvalo, bitta savolga javob topishi kerak: «Nega sud aynan shunday qaror qabul qildi?» Shuning uchun qaror qonuniy va asosli bo‘lishi bilan birga, aniq, mantiqiy va oddiy fuqaro tushunadigan darajada ravshan bayon qilinishi muhim. Adolat esa faqat qarorning o‘zi emas. Ishning o‘z vaqtida ko‘rilishi, taraflarning tengligi ta’minlanishi, har bir dalilga xolis baho berilishi va qabul qilingan qarorning o‘z vaqtida ijro etilishi ham adolatning bir qismi.

 

Strategiyada sudyalarni sudlovga bevosita aloqador bo‘lmagan vazifalardan ozod qilish ham nazarda tutilgan.

 

2028 yildan «sud ma’murchiligi» institutining joriy etilishi ham shu maqsadga xizmat qiladi. Ya’ni sudyaning asosiy vazifasi — xo‘jalik yoki ma’muriy ishlar bilan emas, odil sudlov bilan shug’ullanish.

 

Chunki sudyaning vaqti qanchalik ko‘p odil sudlovga yo‘naltirilsa, sud qarorlarining sifati ham shunchalik oshadi. Shuning uchun men «Adolat qo‘rg’oni»ni shunday tasavvur qilaman: uning poydevori — qonun ustuvorligi. Mustahkam devorlari — sud mustaqilligi. Uning ichida esa har bir insonning huquqi va qonuniy manfaati ishonchli himoya qilinishi kerak.

 

Eng muhimi — bu qo‘rg’on hamma uchun birdek mustahkam bo‘lishi shart.

 

Chunki adolatning haqiqiy qiymati — uning kimgadir emas, barchaga birdek ta’minlanishida. Va ishonchim komilki, «Odil sudlov — 2030» strategiyasida belgilangan vazifalar izchil amalga oshirilsa, sudga bo‘lgan ishonch ham, qonunga bo‘lgan hurmat ham yanada yuksaladi.

 

 

 

 

Nizamatdin ABDAKIMOV,

Qoraqaplog’iston Respublikasi sudi sudyasi