AYOLLARGA NISBATAN TAZYIQ VA ZOʻRAVONLIK UCHUN JAVOBGARLIK
Inson huquq va erkinliklarini taʼminlash har qanday demokratik davlatning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Jamiyatda gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ayniqsa, ularni tazyiq va zoʻravonlikdan muhofaza qilish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylangan. Zero, ayol — oilaning tayanchi va kelajak avlod tarbiyasining muhim omilidir.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish, ularning jamiyatdagi mavqeini mustahkamlash hamda ularga nisbatan har qanday tazyiq va zoʻravonlik holatlarining oldini olishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu borada qabul qilingan “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonun mazkur sohada mustahkam huquqiy asos boʻlib xizmat qilmoqda. Unga koʻra, ayollarga nisbatan jismoniy, ruhiy, jinsiy yoki iqtisodiy zoʻravonlikning barcha shakllari taqiqlanadi.
Tazyiq va zoʻravonlik — shaxsning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitish, tahdid qilish, qoʻrqitish, jismoniy kuch ishlatish yoki uni iqtisodiy jihatdan qaram holatga solish kabi gʻayriqonuniy harakatlarni oʻz ichiga oladi. Bunday holatlar nafaqat oilada, balki ish joylarida, taʼlim muassasalarida hamda jamiyatning boshqa sohalarida ham uchrashi mumkin.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, bunday huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslar tegishli tartibda javobgarlikka tortiladi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi hamda Jinoyat kodeksida ushbu qilmishlar uchun maʼmuriy va jinoiy jazo choralari belgilangan. Bu esa jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlash va zoʻravonlik holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.
Shuningdek, ayollarni zoʻravonlikdan himoya qilish maqsadida himoya orderi instituti joriy etilgan. Himoya orderi — jabrlanuvchini muhofaza qilishga qaratilgan maxsus huquqiy hujjat boʻlib, u orqali huquqbuzarga nisbatan muayyan cheklovlar belgilanadi va jabrlanuvchining xavfsizligi taʼminlanadi.
Bu sohadagi islohotlarni yanada kuchaytirish maqsadida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2026-yil 3-mart kuni qabul qilingan “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holatlarining oldini olish boʻyicha qoʻshimcha tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni muhim ahamiyat kasb etdi. Mazkur hujjat bilan profilaktika ishlarini kuchaytirish, jabrlangan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularga huquqiy, psixologik va ijtimoiy yordam koʻrsatish mexanizmlari yanada takomillashtirildi.
Shu bilan birga, bu yoʻnalishda davlat organlari va jamoat tashkilotlari oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, zoʻravonlik holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olish boʻyicha tizimli choralar belgilab berildi.
Ayollarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikning oldini olishda nafaqat davlat organlari, balki jamiyatning har bir aʼzosi faol ishtirok etishi lozim. Oilada oʻzaro hurmat va bagʻrikenglik muhitini shakllantirish, yoshlarni inson huquqlariga hurmat ruhida tarbiyalash bunday salbiy holatlarning oldini olishda muhim ahamiyatga ega.
Xulosa qilib aytganda, ayollarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish jamiyat barqarorligi va oila mustahkamligini taʼminlovchi muhim omildir. Bu borada qabul qilingan qonunlar va normativ hujjatlar xotin-qizlarning huquqlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qilib, jamiyatda adolat va qonuniylik tamoyillarini mustahkamlaydi.
Zulfiya BABADJANOVA,
Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi sudyasi






