QORAQALPOGʻISTON RESPUBLIKASI KONSTITUTSIYASINING 33 YILLIGI KENG NISHONLANDI
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33 yilligi munosabati bilan Qoraqalpogʻiston qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar institutida bayram oldi maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuv yuqori saviyada tashkil etildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi davlat madhiyalari yangrab, ishtirokchilarda yuksak faxr va iftixor tuygʻularini uygʻotdi. Shundan soʻng institut rektori N.Absattarov kirish soʻzi bilan tadbirni ochib, mehmonlarni tanishtirdi hamda barcha ishtirokchilarni ushbu qutlugʻ sana bilan samimiy muborakbod etdi. U oʻz nutqida Konstitutsiyaning jamiyat taraqqiyotidagi beqiyos oʻrni va ahamiyatiga alohida toʻxtaldi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi qoʻmita raisi Sh.Oʻtemisov oʻz maʼruzasida Konstitutsiyaning qabul qilinishi tarixiy burilish boʻlganini, u davlat va jamiyatning demokratik rivojlanish yoʻlini belgilab bergan muhim huquqiy hujjat ekanini taʼkidladi. Shuningdek, asosiy qonunimiz inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, milliy huquqiy tizimni shakllantirishda mustahkam poydevor boʻlib xizmat qilayotgani qayd etildi.

Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi raisi oʻrinbosari B.Ktaybekov soʻzga chiqib, Konstitutsiya har bir davlatning siyosiy, huquqiy va maʼnaviy qiyofasini belgilab beruvchi asosiy hujjat ekanini taʼkidladi. U 1993-yil 9-aprel kuni qabul qilingan Konstitutsiya yangi davlat va jamiyat qurilishida mustahkam asos boʻlganini, aynan shu hujjat orqali jamiyat hayotining barcha sohalarini tartibga soluvchi huquqiy tizim shakllanganini alohida eʼtirof etdi.

Tadbirda shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokuraturasi boʻlim boshligʻi A.Abdikarimov ham ishtirok etib, Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklari ustuvor ahamiyat kasb etishi, mazkur normalar xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplariga mos kelishiga alohida eʼtibor qaratdi.
Uchrashuv davomida talaba-yoshlar faol ishtirok etib, oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Mutaxassislar tomonidan berilgan atroflicha javoblar yoshlarning huquqiy bilimlarini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.










